O‘zbekiston | 12:50 / 06.10.2017
69332
2 daqiqa o‘qiladi

Vladimirga qurbonlarning jasadlari va omon qolgan o‘zbekistonliklarni olib kelish uchun maxsus bort yuboriladi

Foto: Rossiya FVV

Rossiyaning Vladimir viloyatida ro‘y bergan fojia vaqtida omon qolgan o‘zbekistonliklar va halok bo‘lganlarning jasadlarini olib kelish uchun O‘zbekiston hukumati maxsus bort yo‘llaydi.

KUN.UZ’ning hukumatdagi voqeadan xabardor manbasi ma'lum qilishicha, avtobus ichida 58 kishi bor edi, 20 kishi halok bo‘lgan, ularning 18 nafari o‘zbekistonliklardir. Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining hududiy boshqarmasi va Tergov qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra esa, YTH oqibatida 19 kishi halok bo‘lgan, shundan biri yosh bola. Bu boradagi ma'lumotlar hozircha dastlabki bo‘lib turibdi va bir-biridan farq qilmoqda.   

Ma'lum bo‘lishicha, ayni vaqtda Sog‘liqni saqlash va Favqulodda vaziyatlar vazirligi Rossiyaga halok bo‘lganlarning jasadlarini olib kelish, jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatish masalasini hal etmoqda.

FVVning ushbu masala bo‘yicha shug‘ullanayotgan mas'ul xodimi Bahodir Odilov KUN.UZ savoliga qisqa tarzda javob berar ekan, O‘zbekiston FVV Vladimirda yuz bergan baxtsiz hodisada halok bo‘lganlar va jabrlanganlarni vatanlariga olib kelish bo‘yicha tashkiliy ishlar olib borayotganini tasdiqladi. U batafsil ma'lumotni keyinroq taqdim etishini bildirdi. 

KUN.UZ manbasiga ko‘ra, hodisa vaqtida jarohat olgan 2 kishiga shifoxonaning jonlantirish bo‘limida tibbiy yordam berilmoqda, 36 yo‘lovchining ahvoli barqaror hisoblanmoqda. Qurbonlarning ikki nafari Qozog‘iston fuqarolaridir.

Manbaning aytishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi Rossiyaga yuboriladigan maxsus bortda neyrojarroh, jarroh, travmatolog-ortoped, psixolog va nevropatologlardan iborat malakali shifokorlar guruhi hamda barcha tibbiy anjomlar, dori-darmonlarni yuboradi. 

Maxsus bort bugun tushdan keyin Rossiyaga parvoz qilishi kutilmoqda.

Mavzuga oid