09:18 / 07.10.2017
5098

AQSh Sudanga qarshi kiritilgan 20 yillik sanksiyalarni bekor qildi

Foto: © REUTERS/Mohamed Nureldin Abdallah

AQSh 20 yil avval Sudanga qarshi kiritilgan iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilishga qaror qildi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyatidagi rasmiy shaxslar ma'lum qildilar.

Biroq shu bilan birga Sudan AQSh davlat departamenti tomonidan tuzilgan, terrorchilikni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar ro‘yxatida qoladi. Bundan tashqari, Darfur viloyatidagi zo‘ravonliklar sababli Sudan hukumatiga qarshi kiritilgan jazolovchi choralarning bir qismi saqlanib qoladi.

Oq uy Sudan hukumatining terrorchilikka qarshi kurash va inson huquqlariga amal qilish kabi sohalarda rivojlanishga erishayotganidan qoniqish bildirgan. 

"Biz shuningdek Sudan hukumati tomondan mamlakatning mojaroli hududlarida o‘t ochishni to‘xtatish tartibini saqlash bo‘yicha ijobiy harakatlar amalga oshirilayotgani, Sudanning butun hududi bo‘ylab gumanitar yordamga yo‘l ochiqligi va AQSh bilan hududiy nizolarni hal qilish bo‘yicha hamkorlik davom etayotganini qayd qilib o‘tamiz", deb aytilgan Oq uyda.

Shu bilan birga AQSh bu "taraqqiyot so‘nmasligi" uchun Xartumga qarshi bosim o‘tkazish davom etishidan ogohlantirdi. "Sudan bir necha marotaba AQSh bilan yaxshi munosabatlarga qaytish istagini bildirgan va endi unda bunday imkoniyat paydo bo‘ldi. AQSh Sudan bilan munosabatlarning yaxshilanishiga qaratilgan sa'y-harakatlarni amalga oshiradi", deyilgan xabarda.

Top