21:38 / 07.10.2017
205396

Milliarderlar ishongan o‘zbek ish boshqaruvchici Ra'no Jo‘rayeva haqida bilarmidingiz?

Foto: MarieClaire

Toshkentlik Ra'no Jo‘rayeva Forbes ro‘yxatidagi uch milliarder - Oleg Deripaska, Dmitriy Kamenshik va Vasiliy Anisimovlarning kompaniyalarini boshqargan. Endi esa u TsENKI (Tsentr ekspluatatsii obektov nazemnoy kosmicheskoy infrastruktury - Kosmik infratuzilma obektlarini ekspluatatsiya qilish markazi) bosh direktori bo‘lib, Rossiyaning barcha kosmodromlari uchun mas'ul shaxs. MarieClaire jurnali ayol kishining qanday qilib bunday yuksak darajaga erishganiga qiziqish bildirib, Ra'no Jo‘rayeva bilan suhbat uyushtirdi. Quyida mazkur suhbatning qiziqarli lavhalarini keltiramiz.

- Ra'no Frunzevna, qaysi loyiha ustidagi ishlar siz uchun eng qiyin bo‘lgan?

- Men shug‘ullangan barcha loyihalar qiziq. Qiziqarli loyihalarning bari qiyin bo‘ladi. Eng qiyini qaysi deysizmi? O‘ylashimcha, hozirgi ishim. Avval bunday keng ko‘lamli vazifalarga duch kelmagandim. TsENKI - bu bir vaqtning o‘zida ming xil biznes-jarayonlar degani.

- Sizni cho‘chitishi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklar bormi?

- Har qanday murakkab vazifa o‘nlab, yuzlab oddiy vazifalardan iborat. Asosiysi, uning tuzilishini, uning nimadan tashkil topganini tushunib yetish va biror bir elementni ko‘zdan qochirmaslik. Agar shuni tushuna olsangiz, qiyinchilik cho‘chitmaydi. Barchasi xuddi matematika kabi. Institutga kirayotgan vaqtimda buyuk matematik bilan shug‘ullanganman, har qanday murakkab darajadagi vazifalarni yechishni o‘rgatgani uchun undan haligacha minnatdorman. Bu menga institutda o‘qish jarayonida, dissertatsiya himoyasida va keyinroq, murakkab texnik tizimlarni boshqarish sohasida ishlay boshlaganimda ko‘mak berdi.

- Uddasidan chiqa olmagan ishlaringiz bo‘lganmi? Yoki ish shu darajada murakkabligidan unga kirishishga hojat ham yo‘qligi anglangan ishlar?

- Tajribamdan kelib chiqib shuni aytishim mumkinki, ba'zan mening boshqaruvim ostida bir vaqtning o‘zida 30-40 loyiha bo‘lgan vaqtlar bo‘lgan, - resurs bo‘lmasa, vazifani yechib bo‘lmaydi. Istak bo‘lmaydi. Mablag‘ bo‘lmaydi. Asosiysi, jamoa ham yo‘q. Jamoa - eng muhim omil. Masalliq to‘liq bo‘lsa, har qanday taomni tayyorlash mumkin.

- Ya'ni ilojsiz narsaning o‘zi yo‘q demoqchisiz?

- Ha, butun bir insoniyat rivoji tarixi shuni namoyon qilmoqda. Birinchi navbatda, kosmosni zabt etish. Bu inson amalga oshirgan eng yaxshi kvintessensiyadir. Yaxshiki, biz bu yerda asosiy rollardamiz. Insoniy imkoniyatlarni  kengaytirish, fikrning ish berishi haqida gap ketganda Rossiya muayyan vazifalarni qo‘yadi.

- Loyihalaringizdan birortasiga o‘zgacha mehr qo‘yganmisiz?

- Oxirgisiga bo‘lsa kerak. Bunda qandaydir sehr bor. Qachonlardir kim bo‘lish borasida qarorlar qabul qila boshlaganimda shundan boshlganman. "Kosmonavt bo‘lmoqchiman" demaganman, albatta. Holbuki u paytlar ko‘pchilik shunday derdi. Men doim kosmos sohasida ishlashni xohlaganman. Kosmik sohada mutaxassislarni tayyorlovchi Leningrad aviatsiya texnologiyalari institutiga kirishga tayyorlanganman. Bir o‘ringa 16 kishi da'vogar bo‘lgan o‘shanda va men Toshkentdan kelib, imtiholanlardan muvaffaqiyatli o‘tganman.

Foto: MarieClaire

- Ko‘pchilik xohlagan, lekin nima uchun aynan siz o‘tgansiz?

- Men doim maqsad sari intilganman. 8-sinfdan shu mavzu bilan shug‘ullanganman, institutlar bilan yozishganman, turli kurs ishlarini o‘rganardim. Bu sohaga juda qiziqardim va bunda onam meni qo‘llab-quvvatlardi.

- Oilangiz haqida so‘zlab bersangiz.

Barchasi Leningrad konservatoriyasining 1941 yilda Toshkentga evakuatsiyasidan boshlangan. U yerda pedagoglar qobiliyatli yoshlarni tanlab olayotgan bo‘lishgan. Mening onam tanlovdan o‘tishga muvaffaq bo‘lgan va qamaldan keyin musiqachilar bilan Leningradga yo‘l olishgan. O‘sha yerda maktab, musiqiy kollejni tugallab, Leningrad konservatoriyasiga o‘qishga kirgan. Vokal bo‘yicha pedagog Antonina Andreyevna va uning turmush o‘rtog‘i, konservatoriya professori Grigoriy Mixaylovich Buzening farzandlari bo‘lmagan. Ular onamni deyarli qiz qilib boqib olishgan. Men Leningradga kelganimda ular meni o‘z qadrdonidek kutib olishgan va o‘zlarining Vasiliy oroli 15-liniyasidagi uylaridan joy berishgan. Biroq, afsuski, uzoq muddatga emas. Toshkentdan keyin Piter iqlimiga moslasha olmadim va bir yildan so‘ng o‘qishimni Moskva shahridagi Aviatsiya institutiga ko‘chirdim va shu dargohni tamomladim. 30 yildan ortiq vaqt davomida fuqarolik aviatsiyasi bilan shug‘ullandim. Kutilmaganda qo‘ng‘iroq jiringladi: "Igor Anatolevich Komarov bilan uchrashish niyatingiz bormi?" Aslida nima bo‘lganini hali-hanuz anglab yeta olmayman.

Aftidan, aviatsiyadagi 30 yillik faoliyatim o‘ziga xos maktab bo‘lgan.

- Kamenshik-Deripaska maktablari sizga nima berdi?

- Bu o‘z kuchi bilan oyoqqa turgan va mamlakat uchun ko‘p narsa qilgan ajoyib ishbilarmonlardir. Men ulardan ko‘p narsani o‘rgandim va ayni damda ularni hayotga tadbiq qilmoqdaman. Ular meni ayab o‘tirishmagan, mening imkoniyatlarim bilan hisoblashib ham o‘tirmay, ko‘p ishlarni yuklab tashlashgan, to‘siqlar qo‘yishgan. Biroq shu tariqa men hozirgi darajamga erishdim.

- Aytishlaricha, siz fantastik darajada ishchansiz. Buning uchun kuch va vaqtni qayerdan olasiz?

- Men buni uddalay olishim haqidagi fikrning o‘zi menga kuch beradi! Vaqt masalasida esa men tejamkorman. Masalan, ishga doir qandaydir masalalarni tushlik ustida muhokama qilaman - shunchaki tushlik qilishga ne hojat? Kechki ovqat bilan ham shunday. Shubhasiz, bir sutkada 24 soat kamlik qiladi. Shunday bo‘lsa-da, barcha masalalarni hal qilish uchun 1440 daqiqa yetadi.

Barchasini-ya?

Barchasini deb bo‘lmaydi, albatta. Men odatda ish rejasini bir oy, bir hafta, bir kunlik qilib tuzaman va shu rejaning hech bo‘lmaganda 30-40 foizini bajarsam, ishimning uddasidan chiqayotganimni anglayman.

- Nima uchun sizning biznesingizda ayollar bu qadar kam?

Hamma konstruktorlar, muhandislar qilayotgan ishini mayda detallarigacha tushunishi kerak, ular "tunnelcha fikrlash" qobiliyatiga ega bo‘lishi kerak. Bu esa, asosan - erkaklar.

- Gap biologiyadami?

- Fikrimcha, ha. Erkaklar hamma narsaning tubiga yetishi kerak. Predmetni to‘liq bilish ularga oldinga harakatlanish va kashfiyotlar qilish uchun kuch beradi. Ayollar esa asosan yuzaki fikrlashadi, ularning hayotda boshqa qiziqishlari ko‘p - oila, dugonalar, hayot tarzi, tashqi ko‘rinish borasida qayg‘urish va h.k. Ularning diqqatni jamlashi qiyinroq. Shu bilan birga, ba'zi narsalar chidamlilikni talab qiladi, shu jumladan, jismoniy jihatdan ham.

- Bu faqat kosmosga taalluqlimi yoki umuman karera qurishdami?

- Men "shisha shift nazariyasi" tarafdori emasman. Aksincha, muvaffaqiyatga erishish borasida hatto ayollarning salohiyati yuqoriroq deb hisoblayman. Tabiat ayol kishiga tez moslashish, tez o‘rganish, stressni yengish, quvvat to‘plash, chiroyli, epchil, yorqin bo‘lish imkonini ato etgan. Fikrimcha, karera qurishni maqsad qilgan ayolning yo‘lida hech qanday to‘siqlar bo‘lmaydi.

- Ishingiz nimasi bilan qiziq?

- Murakkab vazifalar bilan. Xuddi sportdagi kabi. Mushak mashqlarini bajarib, bir sakrashda 6 metr balandlikni zabt etishga tayyor turganingizda sizga 20 sm taklif qilishsa, albatta, qizig‘i yo‘q. 6 m 20 sm balandlik bo‘lsa - mutlaqo boshqa gap.

- Nabiralaringiz siz bilan faxrlanishsa kerak?

Ikki nabiram bor - 10 va 6 yoshda, Pyotr va Lev. Ular ishxonamda bo‘lib, parvoz jarayonini ko‘rishgan. Shundan keyin to‘ng‘ich nabiram maktabda "Uchuvchining parvozi qanday amalga oshiriladi?" nomli taqdimot qilgan. Hammasini ko‘rsatib bergan. Shundan keyin o‘qituvchi qizimni chaqirib "Bilasizmi, o‘g‘lingiz qandaydir g‘alati gaplarni gapiryapti. Uning aytishicha, parvoz jarayonlarining barchasini buvisi boshqarar emish" deb aytgan. Voqeani anglab yetgach, uzr so‘rashgan, albatta. Katta nabiram "Ra'no buvi" deb chaqiradi, kenjasi esa "Ra'no Frunzevna!"

- Hayotingizda ishdan tashqari yana nimaga o‘rin bor?

- Sportni unutmaslikka harakat qilaman. Kuch to‘plash va biroz chalg‘ish uchun fitnes-zalga boraman. Ko‘pincha butun oilamiz bilan sayohatga chiqamiz. Yaqinda Plyosda bo‘ldik.

- Yana nimalarni o‘rganishni xohlardingiz?

- Ba'zan tushlarimgacha kiruvchi orzuim bor. Mashina haydash. Albatta buni ham uddalayman. Vaqti keldi.

Foto: Kosmik infratuzilma obektlarini ekspluatatsiya qilish markazi

- Musiqaga bo‘lgan muhabbat ota-onangizdan o‘tganmi?

- Teatrsiz yashay olmayman. Ota-onam menda opera va baletga mehr uyg‘otishgan. Moskvadagi premeralarning doimiy mehmoniman.

- Uy ishlari bilan shug‘ullanishga ham vaqtim bor dersiz. Ishonmayman.

- Nima uchun? Men mazali taom pishirishim mumkin. Nabiralarim men tayyorlagan palovni yaxshi ko‘rishadi, katta bayramlar munosabati bilan osh pishiraman. Umuman, bunday ishlarni yaxshi ko‘raman, biroq, to‘g‘risini aytganda, bunga vaqtimni qizg‘onaman.

- Siz uchun avtoritet kim?

- Hayron bo‘lishingiz mumkin, lekin bu - mening qizim. U endigina dunyoga kelganida butun umr meni qo‘llab-quvvatlovchi do‘stim bo‘lishini his qilganman. Undan tashqari, ko‘p yillik do‘stlarim bor. Texnik xodimlar, ishbilarmonlar, ijod kishilari. Masalan, piar yo‘nalishida ishlovchi xodimimiz Masha aslida mashhur yozuvchi va shu bilan birga kreativ dugonam hamdir. Uzoq yillardan beri birga ishlaymiz va ajoyib narsalar o‘ylab topamiz. U - o‘z sohasining ustasi, men - o‘z sohamning.

- O‘z xodimlaringizdan professionalizmdan tashqari yana nimalar kutasiz?

- Menga "jonli" odamlar kerak. Ularda biror nima qilish istagi bo‘lishi muhim. Shunchaki ishda bo‘lish emas, qandaydir narsalarni A punktdan B punktga olib o‘tish muhim. Bundaylar juda kam. Biroq bu yerga jamoasiz bir o‘zim kelganimda "yonib" turgan kishilarni ko‘rdim. Ularning vaziyatni boshqaruvchi "dirijyori" yo‘q edi, shunchaki. Keyin esa avval ishlagan odamlarimdan ba'zilarini bu yerga ko‘chirishga muvaffaq bo‘ldim. Ular ham qiziqib qolishdi va qolgan ishlarini tashlab, bizga qo‘shilishdi.

- Ohanrabolik siri nimada - sizning aurangizdami yoki munosib maoshingizda?

- Bilasizmi, samoga parvoz qilayotgan raketani ko‘rganingizda kosmodrom shovqinini eshitasiz... Bu haqiqiy romantika. Bu yerda ishlaydiganlarning ko‘pi pul uchun emas, shu ishga aloqadorlik uchun ishlashadi.

- Loyihalaringiz orasida "sifat tizimi" kabi format bor. Eshitilishi ko‘p narsani va'da qiladi, aslida esa bu nima?

Masalan, men Domodedovoda ishlaganimda shunday tizimni tuzishimga to‘g‘ri kelgan. Hammasi oddiy. Terminalda kishilarga xizmat ko‘rsatayapsanmi, ular sening ishingdan mamnun bo‘lishlari kerak. Siz ham kimgadir xizmat qilayotganingizdan o‘zingizni haqoratlangan his qilmaysiz. Bu sizning ishingiz va siz uni bajonidil bajarishingiz kerak. TsENKIda sifat muhim.

- Kundalik hayotingizdagi sifat tizimi qanday?

Bu mavzu ustida bosh qotirib o‘tirmayman. Men perfektsionistman, shu bois agar aeroportda ishlar rejadagidek kechmayotgan bo‘lsa, bu mening jahlimni chiqaradi. Men ichimdagi albatta aytadigan insonman. Tuzatish kiritmay, befarq o‘tib keta olmayman.

 

Kichik blits-so‘rovnoma:

Men hech qachon bunga yo‘l qo‘ymayman...

...mas'uliyatsizlik va befarqlik.

Men osongina tavakkal qilaman, agar...

...menga qiziq bo‘lsa.

Men tasavvur qila olmayman...

...5 kun ketma-ket dam olganimni va hech nima qilmasligimni.

Har qanday tushunarsiz vaziyatda...

...fikr yuritishga ketaman.

- Endigina karerasini boshlayotganlarga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?

- Har bir inson o‘zini qiziqtirgan ish bilan shug‘ullanishi kerak. O‘zingizga yoqmaydigan ishda hech qachon muvaffaqiyatga erisha olmaysiz. Shuningdek, aktiv sifatida doimiy rivojlanish kerak, deb hisoblayman. Raqobatbardosh bo‘lish, zamonga moslashish va eruditsiyani kengaytirish kerak. O‘zingiz haqiqatda qiziqqan narsa haqida esa, tabiiyki, ko‘proq ma'lumotga ega bo‘lgingiz keladi. Bari o‘zaro bog‘liq.

Foto: RBK

Ra'no Jo‘rayeva

Lavozimi: Kosmik infratuzilma obektlarining ekspluatatsiya markazi bosh direktori

Ma'lumoti: Moskva aviatsiya instituti

Karerasi: «Aeronavigatsiya» davlat ilmiy-tadqiqot institutida ishlagan, Airport Management Company Ltd'da biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktor, «Domodedovo» aeroport kompleksi va uning noaviatsion faoliyati rivojiga yo‘naltirilgan loyihalarni amalga oshirish bilan shug‘ullangan, «Gruppa SINTeZ» MChJ bosh direktori, «Bazovyy element»ning Aviatsiya sektori rahbari, «Aeroport Sistems Development» bosh direktori, Fuqarolik aviatsiyasi innovatsion markazi prezidenti, «TranInfoTex» MChJ bosh direktori, Xalqaro aeroportlar assotsiatsiyasining ijrochi direktori.

Oilasi: qizi, ikki nabirasi;

Yoqtirgan ifori: Cartier VIII;

Sevimli shirinligi: «Raxat» shokoladi (Qozog‘iston);

Sevimli kitobi: o‘z kundaligi va Chingiz Aytmatovning «Asrga tatigulik kun» asari.

Mavzuga oid
Top