Light | 23:32 / 08.10.2017
112411
6 daqiqa o‘qiladi

XX asrda dunyo xaritasidan g‘oyib bo‘lgan 9 mamlakat

XX asrda ikki jahon urushi va ko‘plab mahalliy nizolar dunyo xaritasini umrbod o‘zgartirdi. Urush yillarida o‘nlab mamlakatlar paydo bo‘ldi va g‘oyib bo‘ldi. Shunisi diqqatga sazavorki, XX asr boshiga kelib, sayyoramizda atigi bir necha o‘n mustaqil davlat bo‘lgan. Asr oxiriga borib esa, ularning soni 200ga yaqinlashdi. Shunga qaramay, yangi hosil bo‘lgan mamlakatlarning ba'zilari bugungi kungacha yetib kela olmadi va tarix tegirmoniga g‘arq bo‘ldi. Don'tPanic u yoki bu sabablarga ko‘ra, XX asrda yo‘qolgan eng mashhur 9 mamlakat haqidagi ma'lumoti bilan bo‘lishdi.

Neytral Moresnet

Foto: dnpmag.com

Mavjudlik davri: 1816-1920 yillar

Napaleon tomonidan yaratilgan imperiya qulagandan keyin Yevropa o‘z chegaralarini qayta ko‘rib chiqishiga to‘g‘ri keldi. Hozirgi Germaniya va Belgiya o‘rtasida joylashgan 3,5 kvadrat kilometr maydonga ega bu kichik yer uchastkasi chegaralarni qayta belgilash jarayonida hech kimga nasib etmadi. Hosil bo‘lgan neytral hudud Niderlandiya va Prussiya tomonidan birgalikda boshqarildi.

Aholisi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan iborat bo‘lgan, biroq o‘z bayrog‘i va gerbiga ega davlat 1920 yilgacha hukm surdi. O‘shanda Birinchi jahon urushidan keyin Versal shartnomasiga ko‘ra, Moresnet Belgiya tarkibiga o‘tdi.

Salo Respublikasi

Foto: dnpmag.com

Mavjudlik davri: 1943-1945 yillar

Salo Respublikasi shuningdek, Italiya sotsialistik respublikasi nomi bilan ham tanilgan. Salo Mussolini tomonidan boshqariluvchi Italiyadagi mitti davlat bo‘lgan. Soxta mamlakatni faqat Germaniya, Yaponiya va natsistlar blokidagi boshqa mamlakatlargina tan olgan. Unda nazoratni saqlab qolish uchun nemis qo‘shinlarining qo‘llab-quvvatlashi kerak bo‘lgan. Respublika hukumati Italiyaning butun bir shimoliy qismi va Rim ularga tegishli ekanini ta'kidlagan, lekin u Garda ko‘li bo‘yida joylashgan kichik Salo shahridan boshqarilgan. Italiya sotsialistik respublikasi 1945 yilda, mamlakatdan so‘nggi fashist bosqinchilari ittifoqchi kuchlar tomonidan quvg‘in qilinganidan keyin yo‘q bo‘lib ketgan.

Birlashgan Arab Respublikasi

Foto: dnpmag.com

Mavjudlik davri: 1958-1971 yillar

Bu Misr va Suriya o‘rtasidagi, Isroilga nisbatan umumiy nafratga tayangan qisqa muddatli siyosiy ittifoq bo‘lgan. Suriya 3 yildan keyin respublika tarkibidan chiqqan, chunki ittifoqdoshi bilan ba'zi ziddiyatlarni bartaraf eta olmagan. Misr to 1971 yilga qadar BAR deya nomlanishda davom etgan.

Sikkim

Foto: dnpmag.com

Mavjudlik davri: 1642-1975 yillar

Sikkim 1642 yildan Namgyal sulolasi boshqaruvi ostidagi kichik mustaqil qirollik bo‘lgan. 1975 yilda Sikkim Hindiston tomonidan «yutib yuborilgan» va 22-shtat sifatida uning tarkibiga kirgan. Sikkimning mustaqillik davrida Xitoy tomon boruvchi Buyuk ipak yo‘li o‘sha yerdan o‘tgan.

Tseylon

Foto: dnpmag.com

Mavjudlik davri: 1505-1972 yillar

Janubiy Osiyoda joylashgan bu mamlakat hozirda Shri-Lanka Demokratik-Sotsialistik Respublikasi sifatida ma'lum. Tseylon boy xalqaro munosabatlari bilan maqtansa arzigulik tarixga ega bo‘lgan, u VII asrdan arablarning, keyin esa yevropaliklarning savdo markazi bo‘lgan. Tseylonni dastlab portugallar, keyin esa niderlandlar va nihoyat, britaniyaliklar navbatma-navbat boshqarishgan. 1948 yilda Tseylon to‘liq mustaqillikni qo‘lga kiritgan. 1972 yilda Tseylon o‘z nomini Shri-Lankaga almashtirgan.

Chexoslovakiya

Foto: dnpmag.com

Mavjudlik davri: 1918-1993 yillar

Chexoslovakiya Avstriya-Vengriya imperiyasi qoldiqlaridan tashkil topgan va 1938 yilga qadar tinch hayot kechirgan, so‘ng u yerni vermaxt ishg‘ol qilgan. 1945 yilda sovet jangchilari mamlakatni ozod qilishgan va bu mamlakatni boshqarish uchun SSSRga sodiq siyosatchilarni tayinlashgan. Sovet Ittifoqi tarqalib ketgach, Chexoslovakiya sotsialistik respublikalar ittifoqini tark etdi. 1992 yilda madaniyatda jiddiy tafovutlarga ega chex va slovaklar ikki alohida davlatga ajralishga qaror qilishdi.

Sharqiy Germaniya

Foto: dnpmag.com

Mavjudlik davri: 1949-1990 yillar

Berlin shahrini ikkiga ajratgan devor Ikkinchi jahon urushidan keyin qurilgan. O‘shanda AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya boshqaruvi ostidagi Germaniya Federativ Respublikasi yuzaga kelishiga javoban Sovet Ittifoqi Germaniya Demokratik Respublikasiga asos soldi. 1990 yilda devor qulatilgan va ikkiga ajralib qolgan xalq yana birlashgan.

Yugoslaviya

Nazvaniye

Mavjudlik davri: 1918-1992 yillar

Yugoslaviya xuddi Chexoslovakiya kabi Avstriya-Vengriya imperiyasi qoldiqlariga asoslanib, turli mamlakatlar, asosan Vengriya va Serbiyaning muayyan qismlarini birlashtirish yo‘li orqali hosil bo‘lgan. Umuman olganda, Yugoslaviya turli madaniyat va an'analarga ega 20dan ziyod etnik guruh «qaynayotgan katta qozon» bo‘lgan. Yugoslaviya qirolligi Ulug‘ Vatan urushi vaqtida Germaniya tomonidan ishg‘ol qilingan. U tugatilgandan keyin partizan otryadlar yetakchisi Iosip Tito sotsialistik Yugoslaviyani tuzgan va uning diktatoriga aylangan. 1992 yilda sotsialistik Yugoslaviya Xorvatiya, Bosniya, Sloveniya, Serbiya, Makedoniya va Chernogoriyaga ajratilgan.

Tibet

Nazvaniye

Mavjudlik davri: 1912-1951 yillar

Tibetning bir necha ming yillik tarixida 1912 yil - alohida ahamiyatga ega. Aynan o‘sha yili Dalay-Lama XIII Tibetning Xitoydan ajralib chiqqani haqida e'lon qilib, mustaqil Tibet davlatiga asos solgan. 1951 yilda Xitoy qo‘shini Tibetga bostirib kirib, u yerni ishg‘ol qilgan. 1959 yilda xitoylik mustamlakachilarga qarshi isyon qaytalagan, ammo u tezda bostirilgan. Tibetliklar hanuz mustaqillikka chorlashadi. Jahon sahnidagi siyosatchilar, ilm-fan va san'atning mashhur namoyondalari orasida ularning tarafdorlari anchagina.

Mavzuga oid