23:35 / 09.10.2017
9354

Barselona meri Kataloniyaning mustaqil bo‘lishiga qarshi chiqdi

Foto: Reuters

Barselona shahri meri Ada Kolau dushanba kuni bergan intervyusida Kataloniyaning Ispaniyadan ajralib chiqishini e'lon qilishi g‘oyasiga qarshi fikr bildirdi.

«1 oktabr kungi referendumda olingan natijalar mustaqillik e'lon qilish uchun asos bo‘la olmaydi», - deya uning so‘zlarini keltirgan El Pais.

Barselona meri Ispaniya bosh vaziri Mariano Raxoyga yuzlanib, referendum kuni Kataloniyaga Madriddan yuborilgan politsiyachilarni olib ketishni so‘ragan.

Kolau Kataloniyada ro‘y bergan voqealarni  «Ispaniya demokratiyaga o‘tganidan buyon ro‘y bergan eng jiddiy tizimli inqiroz», deb atagan.

U o‘z so‘zi oxirida Kataloniya Jyeneraliteti prezidenti Karles Puchdemonga ham murojaat qilgan va undan Kataloniyaga zarar keltiruvchi qaror qabul qilmaslikni so‘ragan.

1 oktabr kuni Kataloniyada Ispaniyadan ajralib chiqish uchun referendum bo‘lib o‘tdi. Ispaniya hukumati bu referendumni noqonuniy deb topdi va saylov uchastkalarini yopish uchun politsiyachilarni yo‘lladi. Natijada saylovchilar va politsiyachilar o‘rtasida to‘qnashuvlar ro‘y berib, 800 nafardan ortiq kishi jarohatlandi.

Referendum natijasida saylovda qatnashganlarning 90 foizdan ortig‘i mustaqillik uchun ovoz bergani ma'lum qilindi. Saylovda davomat 40 foizdan oshgandi.

Eslatib o‘tamiz, Barselonada 8 oktabr, yakshanba kuni yagona Ispaniyani qo‘llab-quvvatlovchi aksiya bo‘lib o‘tdi. Unda millionga yaqin kishi qatnashdi.

«Kataloniya — Ispaniyaniki». Barselona ko‘chalarida yana namoyishlar

Mavzu
Kataloniyada mustaqillik referendumi

Ispaniyaning shimoliy-sharqiy hududida, Kataloniya avtonomiyasida, istiqomat qiluvchi aholi 1 oktabr katalonlarning mustaqillik masalasini hal etish uchun ko‘chaga chiqdi. Rasmiy Madrid ushbu harakatni yo‘qqa chiqarish maqsadida mahalliy politsiya kuchidan foydalanmoqda.

Barchasi
Mavzuga oid
Top