JCh-2018 saralash o‘yinlari ham o‘zining hal qiluvchi pallasiga kirib bormoqda. Ba'zi guruhlarda hammasi hal bo‘lib, faqat noyabr oyidagi pley-offlar haqida o‘ylayotgan bo‘lishsa, ba'zi guruhlarda hayot qaynayapti. Ayniqsa, yo‘llanma masalasini o‘zaro o‘yinlarda hal qilayotgan raqiblar borki, Tribuna.uz ularga alohida e'tibor qaratishni lozim topdi. 

PORTUGALIYa – ShVeYTsARIYa (10 oktabr, 23:45)

Guruhdagi boshqa jamoalar bilan yuz foizlik natija ko‘rsatib kelayotgan bu ikki jamoa barcha masalani o‘zaro o‘yinda hal etishadi. Ya'nikim, Krishtianu Ronalduning ahvoli aslida Messinikidan yaxshiroq emas. Mezbonlar bu o‘yinda g‘alaba qozonishlari shart, shu holdagina Yevropa chempionlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri mundial ishtirokchisiga aylanishlari mumkin. Aks holda Portugaliya pley-offda to‘p suradi: u yerda raqib Italiya ham, Shvetsiya, yoki Xorvatiya ham bo‘lishi mumkin.  

UKRAINA – XORVATIYa (9 oktabr, 23:45)

Turklar o‘z maydonlarida islandlarga imkoniyatni boy berib, kurashdan chiqdi va guruhdagi chigal vaziyat yechildi. Yechilgani shundaki, Islandiya terma jamoasi o‘z maydonida guruh autsayderi Kosovoni yengsa tamom, guruh g‘olibiga aylanadi.

2-o‘rin masalasi esa, Ukraina va Xorvatiya o‘rtasidagi o‘zaro to‘qnashuvda aniqlanadi. Hozirda har ikki jamoa ham teng ochko to‘plagan. Ikkinchi o‘rinni olib pley-offda qatnashish uchun ham ikki jamoaga faqat g‘alaba kerak bo‘ladi.  

EKVADOR – ARGeNTINA (11 oktabr, 04:30)

Argentina guruhda 6-o‘ringa tushib qolgan bo‘lsa-da, mundial yo‘llanmasi hamon o‘z qo‘lida qolmoqda. Messi va uning sheriklari Ekvadorda g‘alaba qozonishsa, o‘zaro to‘qnash keladigan Peru va Kolumbiyadan kamida bittasini ortda qoldirib, kamida 5-o‘ringa ko‘tarilishi va hech bo‘lmasa, pley-off orqali JCh ga borish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 

Lekin oson bo‘larmikin? Ekvador maydonida Urugvay va Chili kabi terma jamoalar ham bir ochko olishning uddasidan chiqa olishmagan. Shuningdek, bu jamoalarning Argentinadagi o‘yinida ekvadorliklar 2:0 hisobida g‘alaba qozonishgan. Endi bu faktlarga Argentinaning muammolarini qo‘shing — jamoa 2017 yilda atigi 2 marta raqib darvozasiga gol urdi — biri penaltidan, ikkinchisi avtogol. Argentina safar o‘yinlarida oxirgi marta 2016 yilning mart oyida g‘alabaga erishgandi, shundan buyon mehmondagi 6 o‘yinda jamoa g‘alaba qozona olmayapti.