Jahon | 13:04 / 09.10.2017
8667
2 daqiqa o‘qiladi

Kataloniya vaziri Yevropa Ittifoqiga a'zolik haqida gapirdi

Foto: Reuters

Yevropa Ittifoqi qonunchiligida mustaqillik haqida e'lon qilingan taqdirda, mintaqa milliy davlat tarkibida Yevropa Ittifoqidan tashqarida bo‘lishi haqida hech qanday band yo‘q, deya ma'lum qildi Kataloniya tashqi ishlar vaziri Raul Romeva.

Iqtisodiyot va moliya masalalari bo‘yicha yevrokomissar Per Moskovisi avvalroq Yevropa Ittifoqi mintaqaviy hamjamiyatning a'zosi sifatida faqat Ispaniyani tan olishi, hamda agar Kataloniya mustaqil bo‘lsa, u ittifoqqa a'zo bo‘lmasligi haqida ma'lum qilgandi.

«Bu biron-bir joyda qayd etilmagan», - deya aytib o‘tdi Romeva RTBF teleradiokompaniyasi efirida.

Ispaniya hukumati tomonidan tan olinmagan va mamlakat Konstitutsiyaviy sudi tomonidan o‘tkazilishidan avval muzlatib qo‘yilgan mustaqillik bo‘yicha referendum 1 oktabr kuni bo‘lib o‘tdi. Ba'zi uchastkalarda politsiya va ovoz berish qatnashchilari o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berdi, har ikki tomonda ham jabrlanganlar bor. Mustaqillik uchun ishtirokchilarning 90,18 foizi ovoz berdi, referendumda qatnashish miqdori 43,03 foizni tashkil qildi.

Davlat rahbari, Ispaniya qiroli Felipe VI fuqarolarga murojaatida, Kataloniya hukumati noqonuniy referendumni o‘tkazishga qaror qilib, «Ispaniya birdamligini yo‘q qilish» uchun «qabul qilinmaydigan itoatsizlik» ko‘rsatganini ma'lum qildi. Mariano Raxoy hukumati Kataloniya rasmiylari bilan muzokaralar olib borishdan bosh tortmoqda.

Mavzuga oid