19:30 / 09.10.2017
6274

Qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha mutaxassislarni attestatsiya qilish tartibi o‘zgardi

Davlat raqobat qo‘mitasi huzuridagi Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi bosh direktorining buyrug‘i (2017 yil 21 sentabr) bilan Qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqi uchun jismoniy shaxslarni attestatsiya (qayta attestatsiya) qilish to‘g‘risidagi nizomga tuzatishlar kiritildi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.
 
Fond birjalari, boshqa birjalar fond bo‘limlarining professional ishtirokchilarida ishlayotgan malakali xodimlarning eng kam soni 3 nafardan 2 nafargacha tushirildi.
 
Attestatsiya komissiyasining tarkibiga esa endi NNT vakillari, jumladan qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilarining ixtiyoriy birlashmalari ham kirishi mumkin. Ixtiyoriy birlashmalar testlar va imtihon  savollarini ishlab chiqish ishlariga jalb etiladi.
 
Attestatsiyadan o‘tishga talabgor 2 yildan kam bo‘lmagan (moliya-iqtisodiyot, yuridik, matematika yoki IT-mutaxassisligi bo‘yicha oliy ma'lumoti bo‘lgan taqdirda) yoki 5 yildan kam bo‘lmagan (boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha oliy ma'lumoti bo‘lgan taqdirda) mehnat stajiga ega bo‘lishi darkor.
 
Ushbu staj iqtisodiyot, moliya yoki yuridik faoliyat sohalarida yoki ko‘rsatilgan yo‘nalishlar bo‘yicha davlat boshqaruv organlarida orttirilgan bo‘lishi kerak. Ilgari yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan davrlar professional ishtirokchidagi, fond birjalaridagi (fond bo‘limlarini tashkil etgan valyuta birjalari) oxirgi 10 yillik ish faoliyatidan qabul qilinar edi).
 
Attestatsiyaga qo‘yishga asoslangan yozma rad javob talabgorga ariza berilgan paytdan e'tiboran 5 ish kunidan kechiktirmay yuborilishi kerak (ilgari – 15 kundan kechiktirmay).
 
Avvalgidek, testdan muvaffaqiyatli o‘tgandan keyin I-toifa malaka attestatsiyasini olishga talabgor bo‘lganlar uchun imtihon o‘tkaziladi. U yozma ravishda nazariy va amaliy tusdagi 4 ta savolni o‘z ichiga olgan (ilgari – 3 ta) imtihon biletlariga javoblar shaklida o‘tkaziladi. Javoblar uchun 90 daqiqa ajratiladi (ilgari - 3 soat). Imtihon biletining har bir savoliga javob 5 ballik tizim bo‘yicha baholanadi, ya'ni maksimum 20 ball (ilgari – 60 ball).
 
Shu tariqa, attestatsiya natijalari muvaffaqiyatli deb tan olinishi uchun  talabgor quyidagi ko‘rsatkichlarni namoyon etishi kerak bo‘ladi:

•  test – kamida 45 ta to‘g‘ri javob (ilgari – 48 ta);
•  imtihon – kamida 15 ball (ilgari – 48 ball).
 
Attestatsiya natijalari o‘tkazilgan sanadan keyin 3 ish kuni ichida vakolatli organ saytida e'lon qilinadi.
 
Hujjat 25.09.2017 yildan kuchga kirdi. 

Top