18:40 / 09.10.2017
63043

Kichik do‘kondan Rossiyaning eng yirik avtoservislar tarmog‘igacha. O‘zbek ishbilarmon oilasi tarixi

Foto: Rusbase

2017 yilning sentabrida Rossiyada «Bir kuni Amerikada emas: qo‘l ostidagi vositalar bilan dunyoni zabt etish bo‘yicha qisqa qo‘llanma» («Odnajdy ne v Amerike: kratkoye posobiye po zavoyevaniyu mira podruchnymi sredstvami») kitobi nashrdan chiqdi. Kitobda O‘zbekistondan Rossiyaga borib, «Yevrodizayn» qurilish materiallari tarmog‘i va «Vilgud» avtoservislar tarmog‘ini ishga tushirgan Tursunovlar oilasi tarixi bayon etilgan. Uning adadi - 3000 nusxa. Kitobda qanday qilib noldan boshlab ko‘p millionli biznesni qurish mumkinligi hayotiy misol tariqasida keltiriladi. Forbes Woman shu haqidagi ma'lumotlari bilan bo‘lishdi.

Sherzod va Barno Tursunovlar 2000 yilning qishida Moskva shahri chekkasidagi kvartirada ijaraga turishgan. Keyingi 15 yilda ular «Mytishchinskaya yarmarka»sida oddiy gulqog‘ozlar va laminat bilan savdo qiluvchilardan mazkur tovarlarning Rossiyadagi eng yirik distribyutori - «Yevrodizayn» kompaniyasiga qadar o‘sishdi.

Shundan so‘ng, juftlik o‘z ulushini muvaffaqiyatli sotib, «Vilgud» aqlli avtoservislar tarmog‘ini ishga tushirdi. Kitob chop etilgan vaqt holatiga ko‘ra, tarmoqning pul aylanmasi milliard rublga yetdi. Ular shu bilangina cheklanib qolish niyatida emas.

Tursunovlarning hozirgi biznesi eski garajda gaykalarni burashdan iborat emas, u bilimlar iqtisodiyotiga asoslangan. Ular allaqachon avtotexmarkazlarni qurishni to‘xtatishgan, chunki ular yuqori samarali boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish ko‘proq daromad keltirishini, shunda surunkali kamomaddan aziyat chekayotgan yuzlab bozor ishtirokchilarining o‘zi mazkur tizimga qo‘shilib, oila brendi ostida ishlashini o‘z vaqtida anglab yetishdi.

Quyida oilaviy kitobdan qiziqarli parchalar keltirib o‘tiladi:

4-bob. Ayolning foydasi haqida

Barno ustuvor vazifalarni doim aniq belgilab olgan - uni eng avvalo oila qiziqtirardi, ayolning ko‘z o‘ngida baxtli rafiqa roli har qanday deputat, kino yulduzi va hatto AQSh prezidenti lavozimidan-da yuqori edi.

Uning hayotiy strategiyasi imkon qadar turmush o‘rtog‘i bilan ko‘proq birga vaqt o‘tkazish, unga doim nonushta, tushlik va kechki ovqat tayyorlash imkoniga ega bo‘lishdan iborat edi. Shunisi qiziqki, aynan shunday patriarxal tamoyillar Barnoni ishbilarmon xonimga aylantirdi: jiddiy ovoz ohangi, yirik kompaniyadagi top-lavozim, suratlarda doim turmush o‘rtog‘i bilan birga, ammo uning soyasida emas.

Barno Tursunovadan muvaffaqiyat sirlari, maqsadni belgilash san'ati va katta biznesning boshqa sirlari haqida ko‘p so‘rashadi. U bunga javoban doim tabassum bilan javob qaytaradi, chunki haqiqatda bu yerda hech qanday sir yo‘q. Qanday sir bo‘lishi mumkin? U shunchaki eriga yaqinroq bo‘lishni xohladi, shuning uchun u shug‘ullangan ish, ya'ni biznes bilan shug‘ullanishga to‘g‘ri keldi.

Sherzod Tursunov million dollar ishlab topishni maqsad qilgan va er-xotin bunga birgalikda kirishishgan. Endi Sherzod milliard rubllik pul aylanmasini niyat qilmoqda - milliard bo‘lsa, milliard-da! Uch yilda yuz avtoservis? Gap yo‘q, olg‘a!

Barno Tursunova umumiy strategik maqsadlar qo‘yishga da'vogar emas, - bu erining vakolati. Shunday bo‘lsa-da, u har qanday taktik vazifani uddalashga qodir, ishning ko‘zini bilish, ayniqsa sotish va aloqalarni yo‘lga qo‘yishni uddalash qobiliyati uning qonida bor. U sotish - manipulyatsiya san'ati emas, ijtimoiy kommunikatsiyaning eng muhim jihozi ekani borasida aniq bilimlar bilan tug‘ilganga o‘xshaydi.

Barno o‘zining ilk jiddiy shartnomasida «O‘zbekfilm» rejissyoriga qo‘ng‘iroq qilib, telefon orqali kelishuvga erishgan. Ikkinchi bitim xuddi shunday tasodifan amalga oshirilgan. Bir kuni Sherzodning otasi, begona hisobchilar xavfli bo‘lishi mumkinligi, ularga ishonib bo‘lmasligini aytib, fikr bildirgan. Davr ham murakkab bo‘lgan, ortiqcha maosh to‘lashga ne hojat?! Shunday qilib, Sherzod ayoliga buxgalteriyani o‘rgata boshladi, zero u hech qachon otasining so‘zini ikki qilmasdi. Barno shu tariqa oilaviy kooperativga kirib kelgan.

Barno kooperativga qo‘shilgach, ko‘rgan birinchi narsasi polda yotgan avtoruchkalarning katta qodog‘i edi. Bu ikkiga buklanuvchi «sehrli ruchkalar» edi. Ular Barnoning qaynotasi Shuhrat Ma'rufovich tomonidan ishlab chiqarilgan edi. U xorijda shunday ruchkalarni ko‘rib, uni shu yerda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygandi. 10 ming ruchka muayyan sabablarga ko‘ra omborda yotib, «o‘z vaqti»ni kutardi.

1994 yilda oilaviy kooperativ daromadini yo‘qota boshlagan, murakkab davrlar payti. Sherzod qarzdorlarni izlab shahardagi bozorlardan biriga yo‘l olgan. Barno eri bilan birga ketaturib, har ehtimolga qarshi, haligi ruchkalardan bir necha qadog‘ini oldi. Turmush o‘rtog‘i bir amallab qarzlarni yig‘ib yurganida u viloyatdan shaharga xarid uchun kelganlarni tashuvchi avtobuslarning bekatiga bordi. Ayol Buxoro va Samarqandga olib boruvchi avtobuslarga kirib, dadillik bilan ruchkani sotishga kirishdi:

«Yaqinda birinchi sentabr! Ruchkalardan oling! Eng xaridorgir tovar!»

Yo‘lovchilar xuddi sehrlangan kabi birin-ketin ruchkalarni xarid qila boshlashdi. Haqiqatda, birinchi sentabrga oz qolgan bo‘lsa, ruchka xarid qilishni unutish mumkinmi?! Bir soatdan keyin Sherzod qarzdorlarning oldidan kayfiyatsiz qaytib kelganida ayoli uni talaygina naqd pul bilan kutib oldi. U ruchkalarni bitta ham qoldirmay sotgandi. Ayol hatto hozir ham qanday qilib buning uddasidan chiqqanini tushuntirib bera olmaydi. Barchasi o‘z-o‘zidan bo‘lgan.

Kechki payt butun oila shokda edi. Shu kunga qadar uy bekasi shaxsi ostida qanday gavhar yashirinib yotgani oydinlashdi. Ertasiga Barno va Sherzod yana o‘sha avtobus bekatiga borishdi va qolgan 9 mingdan ortiq ruchkani sotib kelishadi. Shundan keyin hech kim Barnoga buxgalteriya bilan shug‘ullanishni taklif qilmadi.

90-yillar oxirlab borardi, Barno ikkinchi farzandiga homilador edi. O‘zbekistonda tijoriy aloqalarning turli shakllari gullab-yashnab borardi, yirik xalqaro biznes o‘zi uchun yangi mamlakatni kashf qilayotgandi. Janubiy Koreyaning Daewoo avtogiganti bu yerda o‘z mashinalarini yig‘a boshladi, Toshkent bo‘ylab oq rangli xorij mashinalari harakatlana boshladi - nima uchundir shu rangga talab ko‘p edi. Sherzodga qator dilerlik markazlaridan birini boshqarish vazifasi topshirildi. U intererga osish kerak bo‘lgan hujjatlar papkasini uyiga olib keldi. Unga barchasini to‘g‘ri rasmiylashtirish uchun rassom kerak edi.

«Unga qancha pul to‘laysiz?», - deya qiziqish bildirdi Barno.

«300 dollar atrofida», - deya javob berdi Sherzod.

«Keling, shuni o‘zim bajaray!», - dedi o‘sha paytlar yangi charm plashga ehtiyoji bo‘lgan Barno. Plashning narxi o‘sha vaqtlar 200 dollar edi, biroq oilada pul yetishmovchiligi, yangi biznes, yangi xarajatlar davri bo‘lgani bois bunday pullar yo‘q edi. Barno esa plash sotib olishni orzu qilardi.

Eri bilan maslahatlashib, 100 dollarga kelishdi va ishga kirishdi. Tashqaridan bu g‘alati ko‘rinishi mumkin, lekin Tursunovlar oilasida xo‘jalik hisob-kitob ishlari doim bo‘lgan. Otasi Sherzodni shunga o‘rgatgandi.

Dilerlik markazi jonlana boshladi. Hujjatlarning bari osig‘liq edi, reklama yo‘lga qo‘yilgan, mashinalar o‘z xaridorlarini kutib turardi. Biroq xaridorlar salonga kirib, aylanib, xaridsiz chiqib ketishardi. Kunlar, haftalar shu zaylda o‘tdi - sukunat mustahkamlanib borardi. Balki muammo Daewoo'ning Tursunovlarga atigi 3 mashina keltirgani va ularning barchasi qizil rangda bo‘lganidadir. Toshkentda esa bu rangdagi avtomobillarga qiziqish yo‘q edi. Odamlar shunchaki kelib ketishardi. Sherzod hatto xaridorlarga bir bak benzin sovg‘a qilishga ham uringan, biroq bundan hech qanday foyda yo‘q edi.

«Sizlarda boshqa ranglar bormi? Qachon bo‘ladi?», - deya savol berdi navbatdagi xaridorlardan biri.

Shu payt Barno salonda edi.

«Siz hoynahoy nima uchun bizda shuncha qizil mashina deb ajablanayotgan bo‘lsangiz kerak, a?», - deya savol bilan yuzlandi u endigina salonni tark etishga chog‘lanayotgan xaridorga.

«Ha. Nima uchun?», - dedi xaridor.

«Siz qayerdansiz?», - qiziqdi Barno.

«Rossiyadan. Mashinani o‘sha yerga olib ketmoqchi edim».

«Biz ularga Rossiya uchun maxsus buyurtma berganmiz. Bizda hamma oq rangli mashinalarda yuradi, sizlarda esa nima uchundir qizil rang urf bo‘lgan. Biz sherigimiz bilan yuklashga arang ulguryapmiz. Ertaga navbatdagi partiya keladi».

Ular bir muddat suhbatlashib turishdi-da, oxir-oqibat mijoz qizil rangdagi avtomobilni xarid qildi. Bu avtosalon faoliyatidagi ilk sotuv edi. Tez orada ikkinchisi sotildi. Barno shunchaki mijozning yoniga kelib, u bilan suhbatga kirishardi - qarabsizki, xaridor pullarni kassaga topshirayotgan bo‘ladi.

«Ularni qanday ko‘ndiryapsan? Sen yo‘q bo‘lsang, hech kim olmaydi. Sen kelsang, hammasi joyida! Qarindosh-urug‘ingda jodu bilan shug‘ulanuvchilar yo‘qmidi mobodo?», - deya hazillashdi Sherzod.

Foyda keltirishga usta ayol eriga bu yerda hech qanday jodu yo‘qligini tezda tushuntirib berdi. Gap shunchaki, salon xizmatchilarida edi.

«Xodimlar o‘zlarini jarayonga aloqasi yo‘q kishilardek tutishmoqda: xaridorlar bilan salomlashishmaydi, tabassum qilishmaydi, suhbatlashishmaydi va umuman, qizil mashinalarni sotish uchun hech qanday sa'y-harakat qilishmaydi. Ularning ham aybi yo‘q, zero bunga ularni hech kim o‘rgatmagan. Siz o‘zingiz ham ular bilan suhbatlashing. Mana ko‘rasiz: ular mendan qolishmay sota boshlashadi», - deya bosiqlik bilan maslahat qildi Barno.

Sherzod shunday qildi ham va  barchasi o‘z yo‘liga tushdi.

Top