KUN.UZ oramizdagi odamlar orasidan qahramonlarni kashf etishda davom etadi. Bizning bu galgi qahramonimiz shishasoz usta Ahmadjon Abdurashidovdir. 

Nafis va nozik did ila otashin olovning qaynoq taftida qizdirilayotgan shisha biroz vaqt o‘tib ustaning qo‘llarida, uning izmida bo‘ladi. Nigohingiz shishaning qip-qizil toblangan qismida ko‘rinmas go‘zallikni ilg‘agandek bo‘ladi. Borliqning yana bir zavqli onlaridan hayratga tushasiz. Shishasozlik shunday bir hunarki, u ilm va ishtiyoq, sabr hamda nafosat talab etadi. Shishasozlik O‘zbekiston tarixida alohida sahifaga ega. Boisi, shishasozlik hunari tarixi yurtimizda uzoq asrlarga borib taqaladi. Shu jihatdan uni insonlarning azaliy mashg‘ulotlaridan biri, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shishasozlik hunari Sobiq Ittifoq davrida qayta tiklandi, shishasozlar ustaxonasi va shishasozlar rivojlanish bosqichiga o‘tdi. Xo‘sh, ilm-fan rivojida muhim ahamiyatga ega ushbu kasbning bugungi holati qanday? Shishasoz usta Ahmadjon Abdurashidov bilan suhbat shu haqda kechdi. Chunki bu inson yurtimizda ayni kunda shishasozlik hunarmandchiligining yagona vakili sanaladi. 

Yo‘qolib borayotgan kasb  

Bu shisha bilan ishlanadigan, kimyogarlar bilan yonma-yon turib mehnat qilinadigan kasblardan biri. O‘zbekistonda hali rivojlanmagan, hattoki shu kunda yo‘qolib borayotgan kasblardan biridir. Birinchi ustozim To‘lagan Abdurahimov edi. Ularning ustozi esa Moskvadan, Leningraddan olib kelingan Pyatkin Konstantin Pavlovich va Ivan Mixaylovich degan odamlar edi. Men asosan To‘lagan akadan o‘rganganman. O‘zimdan oldin ishlab o‘tib ketgan barcha shishasozlarni o‘zimga ustoz, deb bilaman. Har bir shishasozning o‘z ishlash uslubi bor. Kim o‘ziga qandaydir bir osonroq variantni tanlasa, o‘sha variant bo‘yicha ishlaydi. Uslubni ko‘proq shishasozning o‘zi o‘ylab topadi. O‘ziga qulay bo‘lgan variantlarni o‘ylab topadi. Shishasoz bo‘lmoqchi bo‘lganlar hunar bilan birga, o‘qishni, bilimni ham birga olib borsa, nur ustiga a'lo nur bo‘ladi. Shishasoz asosan kimyogarlar bilan birga ishlaydigan inson. Ustozlarimiz bir gapni aytishardi: Lomonosov “Shishasozlik ustaxonasi bo‘lmagan kimyogar kimyogar emas” degan. Bu juda nozik ish, zargarlikdan ham nozikroq. Sababi metallda orada hordiq chiqarib olishingiz, qo‘yib qo‘yishingiz, yana qaytadan boshlashingiz mumkin. Bu ishda esa bir boshlagandan so‘ng oxirigacha qilish kerak, sababi yana boshqatdan eritib, qaytadan qilish anchagina muammo keltirib chiqaradi hamda shisha sinib ketishi mumkin. 1962 yildan beri shu sohada ishlayman. Faoliyatimni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Kimyo institutida boshlaganman. So‘ng Toshkent politexnika institutining kimyo fakultetida ishladim. Toshkent farmatsevtika institutiga 1972-1975 yillardan kelib, shu yerda ishlay boshladim.