09:09 / 10.10.2017
16924

Qirg‘izistonlik siyosatchi davlat to‘ntarishiga urinishda gumon qilinmoqda

Qirg‘iziston milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi "Mekenchil" siyosiy partiyasi a'zosi Melis Aspekovni hibsga oldi. U 15 oktabrga belgilangan prezidentlik saylovidan so‘ng, respublika hokimiyatini egallab olishni tashkil etishga urinishda gumon qilinmoqda, deb xabar qilmoqda RIA Novosti MXDQ matbuot xizmatiga asoslangan holda. 

Xabar qilinishicha, bir hafta avval Bishkekda "Kirg‘iziston" partiyasi yetakchisi, mamlakat parlamenti deputati Kanatbek Isayev qo‘lga olingan edi. Parlament a'zosi 15 oktabr kuniga belgilangan prezidentlik saylovida nomzod Omurbek Babanov mag‘lub bo‘lsa, hokimiyatni kuch bilan egallab olishga tayyorgarlik ko‘rishda ayblanmoqda.

"MXDQ deputat Isayevga nisbatan jinoiy ish doirasida olib borilgan tezkor-surishtiruv ishlari chog‘ida "Mekenchil" partiyasi a'zosi Melis Aspekovni qamoqqa oldi. Aspekov prezidentlik saylovi natijasi e'lon qilinganidan so‘ng mamlakat hokimiyatini egallab olish maqsadida ayrim fuqarolar bilan til biriktirgan holda ma'lum bir shaxslardan iborat guruh manfaatlari yo‘lida harakat qilgan. Aspekov Isayev va "Respublika" partiyasining ayrim tarafdorlari bilan hamkorlik qilib, prezidentlik saylovi va undan keyin tartibsizliklarda ishtirok etish uchun tarafdorlarni to‘plashga uringan", — deyiladi xabarda.

Ta'kidlanishicha, ushbu ish yuzasidan “ommaviy tartibsizliklarni tayyorlash” va “davlat hokimiyatini kuch bilan egallab olishga urinish” alomatlari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Top