16:31 / 10.10.2017
8616

Koreyaga viza to‘g‘rilab bermoqchi bo‘lgan shaxsning ishi sayyor sudda ko‘rildi 

Laziz o‘zi yoqtirgan sohada ishlab, oila tebratardi. Ammo unga tanishlari chet elga borib, ko‘proq daromad orttirish mumkinligini aytishdi. Shundan so‘ng u o‘zga yurtga ketish yo‘llarini qidirib, olx.uz saytida 15 kunda Janubiy Koreyaga jo‘natish bo‘yicha e'longa ko‘zi tushdi. U e'lonning egasi firibgar ekanligini xayoliga ham keltirmagan edi, deb yozmoqda O‘zA.

Toshkent shifokorlar malakasini oshirish instituti binosida o‘tgan sayyor sudda Nizomiddin Jamolovning jinoiy ishi ko‘rib chiqildi.

1990 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan N.Jamolov yoshligidan qing‘ir yo‘llarda yurishni odat qildi. Turli yo‘llar orqali odamlarni chuv tushirishni "o‘zlashtirgan" N.Jamolov chet elga ishlash uchun borish istagida yurgan odamlarni tuzog‘iga tushirishni rejalashtiradi. Shu sabab olx.uz saytida 15 kunda Janubiy Koreyaga jo‘natish bo‘yicha e'lon beradi.

Tez va oson yo‘l bilan Janubiy Koreyaga ketish haqidagi xabarni eshitganlar, kim yoki qaysi tashkilot, deb so‘rab-surishtirmasdan viza to‘g‘rilab berishini iltimos qilib, qo‘ng‘iroq qila boshlaydi. Mirobod tumanida istiqomat qiluvchi Laziz Saidaliyev ana shundaylardan biri bo‘ldi.

N.Jamolov L.Saidaliyevga chet elga viza to‘g‘rilab beruvchi tanishlari ko‘p ekanligi, bu ish uzog‘i bilan ikki haftada bitishini aytadi. Boshlang‘ich harakatlar uchun oldindan 1 ming 200 AQSh dollari va pasportining nusxasini berishini so‘raydi, ish bitgach yana 1 ming 800 AQSh dollari to‘lashini aytadi.

L.Saidaliyev aytilgan summani belgilangan vaqtda yetkazib beradi. Ammo N.Jamolov pullarni olib, o‘z ehtiyoji uchun ishlatib yuboradi.

Mazkur holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Sudlanuvchi N.Jamolovning aybi surishtiruv jarayonida to‘plangan tushuntirish xatlari, yuzlashtirish bayonnomalari va boshqa obektiv dalillar bilan to‘liq o‘z tasdig‘ini topdi.

N.Jamolovdan jabrlanuvchiga nisbatan yo‘qotilgan zarar undirib berildi. Ammo Jinoyat kodeksining tegishli moddasi  bo‘yicha jinoyat sodir etganligi uchun aybdor deb topilib, eng kam ish haqining 65,5 baravari, ya'ni 9 million 810 ming miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Top