08:55 / 12.10.2017
27615

Boeing boshqaruv xonasidan olingan video foydalanuvchilarning parvoz istagini susaytirdi

Qatarning Qatar Airways aviakompaniyasi xodimi Twitter foydalanuvchilariga Yangi Zelandiyaning Kuinstaun shahriga samolyotning qo‘nayotgani aks etgan videolavhani havola etdi. 

Sandip Varmaning o‘zi ham Boeing 787 Dreamliner sardori hisoblanadi. Lavhada havo laynerining tog‘ cho‘qqilari uzra uchayotgani, quyuq bulut orasidan o‘tgani va katta daryo ustidan uchganini ko‘rish mumkin. "Uchuvchiga ko‘ringan, ammo yo‘lovchilarga ko‘rinmaydigan narsa shu", — deb yozgan Varma izohida. 

Uning ayrim o‘quvchilari yo‘lovchilar uchuvchilarga nima ko‘rinishini bilmaganlari ma'qul, degan fikrlarni bildirishdi. Ayrimlari endi hech qachon Yangi Zelandiyaga uchmasliklarini ta'kidlashdi. 

"Bu video men nima uchun hech qachon Kuinstaunga bormasligimni izohlaydi", — deb yozgan Jigar Zaveri.

"Qo‘rqinchli ko‘rinadi", — degan Niall Lyons.

Ayrim foydalanuvchilarning qayd etishicha, ushbu hududga parvozlar anchagina xavflidir. 

"Men Yangi Zelandiyadagi Janubiy Alplar orqali uchib o‘tganman. O‘shanda bu qadar sokin bo‘lmagandi. U mening eng qo‘rqinchli parvozim bo‘lgan. Samolyot juda tez pasaygan, salondagi bolalar baqirar, yukxonalar ochilib, undan yuklar tushib ketdi. Atrofda hammayoq tog‘dan iborat edi", — deb yozgan TheJudge.

Ammo, aksar ko‘pchilik Yangi Zelandiya tabiatining go‘zalligini qayd etib, Kuinstaun joylashgan Otago mintaqasiga borish istagini bildirishdi.

Top