19:00 / 12.10.2017
23390

Rossiya mundialini bezashi mumkin bo‘lgan, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchragan 4 terma jamoa

2018 yili Rossiyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida ishtirok etishi aniq bo‘lgan 22 terma jamoa nomi ma'lum. Yana 10 terma jamoa nomi pley-off o‘yinlaridan keyin aniqlanadi. Quyida mundialga kelmasligi aniq bo‘lgan 4 terma jamoa haqida mulohaza yuritiladi.

Niderlandiya

Nega kutgandik: 
Avvalambor, katta nom. JCh-2014da niderlandiyaliklar uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritishgandi. O‘shandan buyon saralash bahslarida o‘ta muvaffaqiyatsiz ishtirok etishmoqda. Ular Yevro-2016 saralashida hatto kuchli 24talikka kira olishmadi, bu safar esa, o‘tsa bo‘ladigan guruhda Fransiya va Shvetsiyani oldinga o‘tkazib yubordilar.

Rossiyada yorqin o‘yin ko‘rsatishi mumkin edi: 

Aren Robben. «Bavariya» superyulduzi uchun bu musobaqa faoliyatidagi so‘nggi yirik turnir bo‘lishi mumkin edi, zero saralash o‘yinlari tugagach, u terma jamoadagi faoliyati yakunlanganini ma'lum qildi. Va albatta, Rossiya milliy chempionati eng yaxshi futbolchisi Kuinsi Promesning rus diyorida terma jamoasi safida harakat qilishi mahalliy muxlislar uchun qiziq bo‘lishi shubhasiz edi.

Nega saralash o‘yinlarida muvaffaqiyatsizlikka uchrashdi: 
Ikki marta Fransiyaga va bir marta Bolgariyaga imkoniyatni boy berishdi. Murabbiy almashishi ham foyda bermadi – yosh Danni Blind atigi yetti tur o‘tishi bilan iste'foga chiqarildi. Uning o‘rniga 2017 yilning may oyida kelgan Dik Advokat tajribali bo‘lsa-da, ancha yoshi o‘tib qolgan murabbiy, jamoadagi ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshira olmadi. 


Ukraina

Nega kutgandik: 
Balkim aynan futbol tufayli, bir-biriga dushman bo‘lib qolgan ikki xalq o‘rtasida iliqliq paydo qilish mumkin edi. Muxlislar esa, turnir davomida bir-birlari bilan uchrashar va qarshi taraf u qadar yovuz odamlar emasligiga amin bo‘lishlari mumkin edi.

Rossiyada yorqin o‘yin ko‘rsatishi mumkin edi:

Andrey Yarmolenko. Sobiq ittifoq hududidan hech bo‘lmasa, bir nafar 25 million yevroga baholangan futbolchini bilasizmi? Yarmolenko uchun berishdi. Kimsan, Dortmundning «Borussiya» klubi.  

Nega saralash o‘yinlarida muvaffaqiyatsizlikka uchrashdi: 
Umuman muvaffaqiyatsiz o‘ynashdi deb aytish mumkin, faqat so‘nggi hal qiluvchi o‘yinda ko‘ngildagidek o‘ynay olishmaganini aytish mumkin. Ukraina pley-off uchun so‘nggi turda o‘z maydonida Xorvatiyani yengsa kifoya edi. Ammo o‘yin 0:2 hisobidagi mag‘lubiyat bilan yakunlandi. «Xorvatlar ijro borasida juda mahoratli ekanini ko‘rdik», – dedi ukrainlar bosh murabbiyi Andrey Shevchenko. 


Chili

Nega kutgandik:

So‘nggi ikki Kopa Amerika g‘olibi har holda. Yaqinda bo‘lib o‘tgan Konfederatsiyalar kubogida finalga chiqishgandi. 

Rossiyada yorqin o‘yin ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan: 

Aleksis Sanches. «Arsenal» hujumchisi yozda deyarli butun boy klublarning nishonida bo‘ldi. Balki kelasi yozgacha ham u o‘z klubini almashtirishi mumkin, ammo mundialdagi ajoyib o‘yin orqali, unga bo‘lgan talablar yanada ko‘tarilib ketishi mumkin edi.

Nega saralash o‘yinlarida muvaffaqiyatsizlikka uchrashdi: 
Haddan tashqari ko‘p mag‘lubiyatlar. 18 o‘yinda 8 marta yutqazib, yuqori o‘ringa da'vogarlik qilish mushkul. Hatto Boliviya va Paragvay kabi terma jamoalar ham Chilini yutishning uddasidan chiqishdi. Nega buncha ko‘p mag‘lubiyat? «Ba'zilar g‘alaba uchun bor imkoniyatini ishga solayotgan bir paytda, ba'zilar vaqtlarini ko‘ngilxushlikka bag‘ishlashdi» – dedi Chili terma jamoasi darvozaboni Klaudio Bravoning rafiqasi so‘nggi muvaffaqiyatsiz o‘yindan keyin.


AQSh

Nega kutgandik: 
AQSh – jahon chempionatlarining doimiy ishtirokchisi, ular so‘nggi marta mundialni 1986 yilda o‘tkazib yuborishgan. Va albatta, masalan, Rossiya – AQSh, AQSh – Eron, ajoyib afishalar bo‘lardi.

Rossiyada yorqin o‘yin ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan: 

Kristian Pulishich. Balki, AQShning bugungi kundagi eng iqtidorli vakili. Hujumkor yarimhimoyachi o‘tgan yili, 18 yoshidan boshlab «Borussiya» Dortmundning asosiy tarkibida tusha boshladi. Jahon chempionati futbolchining yangi bosqichga ko‘tarilishida yaxshigini pillapoya bo‘lishi mumkin edi. O‘xshamadi.

Nega saralash o‘yinlarida muvaffaqiyatsizlikka uchrashdi: 
So‘nggi turda Trinidad va Tobagodagi kutilmagan mag‘lubiyat. Trinidadliklar bungacha hammasi bo‘lib uch ochko olishgandi va -13 to‘plar nisbatini qayd etib turishgandi... Birdaniga bunday kuchli o‘yin. Hatto shu hisob bilan ham AQSh o‘rnida qolishi mumkin edi, ammo Panama kutilmaganda Kosta-Rikani yutib qo‘ydi va endi ular o‘z tarixlarida ilk bor final bosqichida qatnashadilar.

Xo‘sh, o‘rniga kimlar?
Masalan, Islandiya.

Ko‘pchilik kutgandi. Jahon chempionatlari tarixida final bosqichida ishtirok etgan eng kichik davlat. Islandlarning Yevro-2016 chempionatidagi o‘yinlari esingizdadir? Avstriya, Vengriya va Portugaliya kabi jamoalar qatnashgan guruhda islandiyaliklar ikkinchi o‘rinni olishgandi va bo‘lajak chempionlar bilan durangga erishishgandi. Inglizlar ustidan qozonilgan g‘alabachi?  

Albatta, xavotirlarimiz yaxshilik bilan tugadi va ularsiz chempionatni tasavvur qila olmaydiganlarimiz, Germaniya, Fransiya, Argentina, Portugaliya, Braziliya kabi terma jamoalar ham Rossiyaga borishadi. 

Xorij matbuoti materiallari asosida Qahramon Aslanov tayyorladi.

Top