Janubiy Koreya hukumati Markaziy Osiyodagi mamlakatlar bilan savdo aloqalarini chuqurlashtirish maqsadida maxsus agentlik tashkil etdi. Ushbu tashabbus Janubiy Koreyaning mintaqada iqtisodiy ishtirokni kengaytirish istagida ekanini namoyish etmoqda, deya yozadi EurasiaNet.org.
Ushbu agentlik – «Koreya-Markaziy Osiyo» hamkorlik bo‘yicha Forumi Kotibiyati (Korea-Central Asia Cooperation Forum Secretariat) - Janubiy Koreyaning «Yevroosiyo tashabbusi» loyihasi bo‘lib, u 2013 yilda avvalgi prezident davrida tashkil etilgan. Kotibiyat davlat tomonidan nazorat qilinadigan oshkora diplomatiya tashabbusi bo‘lgan «Koreya» jamg‘armasi sha'feligi ostida faoliyat olib boradi.
Joriy yilning iyul oyida rasmiy ravishda o‘z faoliyatini boshlagan kotibiyatga Markaziy Osiyodagi besh davlat - Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston vakolatxonalari biriktirilgan. Ularga o‘z mamlakatlarining sarmoyaviy salohiyati haqida koreyalik tadbirkorlar xabardorligini oshirishga intilayotgan yaxshi niyat elchilari sifatida qaralmoqda.
Kotibiyatning maqsadlaridan biri Janubiy Koreya va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi kuchli madaniy aloqalardan foydalanishdir. 1930-yillar oxirida, Sovetlar Ittifoqi hukumati qaroriga ko‘ra, SSSRning Uzoq Sharq chegara hududlaridan O‘zbekiston va Qozog‘istonga qariyb 100 ming etnik koreyslar majburan ko‘chirib kelingan. Bugungi kunda Markaziy Osiyoda 500 mingga yaqin etnik koreys yashaydi.
Ayni paytda Janubiy Koreyaning mintaqadagi iqtisodiy ambitsiyalariga asosiy to‘siq uning jo‘g‘rofiy masofasidir. Koreyada Markaziy Osiyo davlatlari bilan umumiy chegaralar yo‘q, mintaqa mamlakatlarida esa dengiz savdosini yo‘lga qo‘yishga imkon beradigan ochiq okeanga chiqish imkoni yo‘q. Masalan, Qozog‘iston poytaxti Ostona Seul shahridan 4,5 ming kilometr g‘arbda joylashgan.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2016 yilda Janubiy Koreyaning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo hajmi Koreya umumiy eksportining atigi 0.33 foizini va jami importning faqat 0,06 foizini tashkil qildi. Markaziy Osiyo mamlakatlarining Janubiy Koreyaga barcha eksporti asosan xom ashyodan iborat bo‘lib, Qozog‘iston va O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi.
Mintaqada eng yirik Koreya diasporasiga (200 mingga yaqin) ega bo‘lgan O‘zbekiston Markaziy Osiyoning beshta davlati orasida Koreya tovarlarining eng yirik importchisi hisoblanadi (2015 yilda import hajmi 1,28 milliard AQSh dollarini tashkil etgan). O‘zbekiston hududida Koreyaning 408 ta korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda.






