Ish joyingizda tushlik yoki shunchaki tanaffusdan keyin ham o‘zingizni charchagan va besamar his qilsangiz, bilingki, vaqtdan noto‘g‘ri foydalangansiz. "Layfxaker" ish vaqtidagi tanaffuslarni foydali tomonga yo‘naltirish borasidagi tavsiyalari bilan bo‘lishdi.

1. Har 52 daqiqada tanaffus qiling

Biz ko‘pincha ishchanligimizni susaytiruvchi odatlarimiz bilan kurashishga majbur bo‘lamiz. Masalan, ko‘pincha ishlash o‘rniga ijtimoiy tarmoqlarni varaqlash istagi bilan kurashamiz. Buning uchun kuni bo‘yi diqqatni bo‘lmay, irodani charxlash kerak. Samarali ish uchun esa yaxshi hordiq kerak.

Taym-menejment texniklari, masalan, Pomodoro ish vaqtini faol ish va tanaffuslarga ajratadi. Bunday tanaffuslar ishdagi samaradorlikni haqiqatda oshiradi. Biroq ular orasida qancha vaqt o‘tishi lozim?

Pomodoro texnikasiga ko‘ra, 25 daqiqalik ishdan keyin 5 daqiqalik tanaffus qilish kerak, mana shunday yondashuvdan to‘rttasi o‘tgandan keyin esa, nisbatan uzoqroq tanaffus olish kerak.

DeskTime internet servisi yaratuvchilari ko‘plab tadqiqotlar yo‘li bilan mutlaqo boshqa raqamlarni keltirishdi. Ular eng samarali ishchilar o‘z vaqtini quyidagicha taqsimlashini aniqlashdi: 52 daqiqa diqqatni bir joyga jamlab ishlash, keyin esa 17 daqiqa tanaffus qilish kerak.

Mazkur texnikaning samarasi bir necha sabab bilan izohlanadi:

  • Tez orada tanaffus bo‘lishini bilib, yanada diqqatni jamlab, maqsad sari harakat qilasiz;
  • 52 daqiqadan keyin ham jon-jahdingiz bilan ishlashda davom etsangiz, ishchanlik qobiliyatingiz yo‘qolishi mumkin;
  • Bir joyda sakkiz soat o‘tirish sog‘liq uchun zarardir. Ish kuni davomida muntazam jismoniy faollik ham sog‘liqqa, ham diqqatni jamlash xususiyatiga ijobiy ta'sir qiladi.

2. Chalg‘ib turing

Tadqiqotlarga ko‘ra, bor kuchimiz bilan diqqatimizni jamlashga urinib, hech qanday foyda olmaymiz. Illinoys universitetining psixologiya fanlari professori Alexandro Leras doimiy ravishda muayyan bir fikr atrofida diqqatni jamlash miyaning uni qabul qilmay qo‘yishiga olib kelishini aniqladi.

Tinimsiz muammoni hal qilishga urinish o‘rniga vaqti-vaqti bilan bu fikrlardan chalg‘ib turish kerak. Diqqatingizni boshqa bir narsa bilan chalg‘itishga harakat qiling. Bunday tanaffus vaqtida ishdan butunlay chalg‘ish uchun bir necha vazifani bajargan ma'qul. Shundan so‘ng muammo yechimiga yangi kuch bilan qaytasiz.