O‘zbekiston | 10:20 / 13.10.2017
27157
4 daqiqa o‘qiladi

«MDH O‘zbekiston uchun shunchaki muloqot «maydoni» emas». Prezidentning Sochi sammitidagi nutqi

MDH O‘zbekiston uchun shunchaki muloqot, fikr almashish va qarashlarni solishtirish "maydoni" emas. Bu haqda 11 oktabr kuni Sochi shahrida MDH Davlat rahbarlari kengashining majlisida prezident Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.

“Bu tuzilma biz uchun ustuvor sohalarda amaliy hamkorlik qilishning g‘oyat muhim institutidir, Hamdo‘stlikka a'zo mamlakatlar esa bizning doimiy sheriklarimiz, qo‘shnilarimiz va do‘stlarimizdir. Shu munosabat bilan biz O‘zbekiston Respublikasi milliy koordinatori maqomini tashqi ishlar vaziri o‘rinbosaridan Bosh vazir o‘rinbosari darajasiga ko‘tarishga qaror qildik. Shuningdek, biz MDH Iqtisodiy kengashidagi ishtirokimizni qayta tikladik. Biz O‘zbekistonning MDH doirasidagi huquqiy bazasi va hamkorligi holatini tubdan qayta ko‘rib chiqish va shu asosda uni kengaytirish uchun imkoniyatlar istiqbolini belgilab olishni rejalashtirganmiz”, - degan prezident. 

Qayd etilishicha, O‘zbekiston bir qator ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha, avvalo, savdo, investitsiya, transport, turizm, ta'lim va ilm-fan, shuningdek, xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni faollashtirishdan manfaatdor. MDHning avval ishtirok etmagan tarmoq organlari faoliyatida ishtirok etishga tayyor. 

“Bizning pirovard maqsadimiz – O‘zbekistonning Hamdo‘stlik doirasidagi hamkorligini faollashtirish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqishdir. Bularning barchasi munosabatlarimizda prinsipial jihatdan yangi sahifa ochishiga, keng ko‘lamli va samarali sheriklikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishiga ishonaman. Bu boradagi birinchi qadam sifatida 3 noyabr kuni Toshkentda ilk bor MDH Hukumatlar rahbarlari kengashining majlisi o‘tkaziladi. Sizlar qo‘llab-quvvatlasangiz, biz 2020 yilda Hamdo‘stlikka raislikni qabul qilish va navbatdagi Sammitni O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyormiz”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari MDHda O‘zbekiston ishtirokining ustuvor yo‘nalishlarini alohida qayd etgan. Xususan, O‘zbekiston Hamdo‘stlik makonida hech qanday istisno va cheklovlarsiz tez fursatda to‘laqonli erkin savdo hududini shakllantirishning tarafdori. Shuningdek, transport va kommunikatsiyalar sohasi, amaliy ilmiy-texnik hamkorlik va ta'lim sohasidagi almashinuv, turizm sohasi, harbiy-texnik sohadagi kooperatsiya darajasini oshirish, jinoyatchilik, terrorizm, narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi va odam savdosiga qarshi murosasiz kurashish sohasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar va maxsus xizmatlar yo‘nalishidagi hamkorlik muhim amaliy ahamiyatga egaligi ta'kidlandi. 

Qayd etilishicha, Afg‘onistondagi murakkab vaziyat jiddiyligicha qolmoqda. O‘zbekiston Rossiya, Markaziy Osiyo mamlakatlari va MDHning boshqa davlatlari bilan hamkorlikda Afg‘oniston muammosini siyosiy yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi. 

Prezident Oila instituti va an'anaviy oilaviy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi bayonotni alohida qayd etgan. “Bugungi globallashuv sharoitida har qanday davlat va jamiyatning asosini tashkil etadigan asl va fundamental qadriyatlarni unutmasligimiz lozim. O‘sib kelayotgan avlod aynan oilada ma'naviy-axloqiy tarbiya oladi, mas'uliyatli bo‘lishni va loqayd bo‘lmaslikni o‘rganadi. Ushbu muhim sohada tajriba almashish maqsadida O‘zbekistonda kelgusi yilda "Oilani mustahkamlash va o‘sib kelayotgan yosh avlodni tarbiyalashda o‘zini o‘zi boshqarish organlarining roli" mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazishni taklif etamiz”, - degan O‘zbekiston rahbari. 

Mavzuga oid