Jahon | 08:38 / 13.10.2017
12757
2 daqiqa o‘qiladi

Nazarboyev Sochidagi muzokaralar yakunlari haqida gapirdi

Qozog‘iston prezidenti Rossiya Federatsiyasiga amaliy tashrifi yakunlari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazdi, deb xabar bermoqda Oqo‘rda matbuot xizmati.

«Kelajakda ish olib borishga doir ko‘plab rejalar belgilab olindi, mamlakatlarimizni raqamlashtirish masalasi bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlar aniqlandi. Qozog‘iston, Rossiya va Belarus o‘rtasida ushbu sohada hamkorlik qilish to‘g‘risida bitimga erishildi», - dedi Qozog‘iston prezidenti.

Nursulton Nazarboyev keyingi yil Qozog‘istonda raqamlashtirish masalalari bo‘yicha uchrashuv o‘tkazish rejalashtirilayotganini ta'kidladi.

Bundan tashqari, davlat rahbari germaniyalik ishbilarmonlar bilan o‘tkazilgan uchrashuv natijalari haqida so‘zlab berdi. Uning davomida iqtisodiyotning turli sohalarida Qozog‘iston-Germaniya munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.

Shuningdek, Qozog‘iston prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv o‘tkazilgani muhim bo‘lganini ta'kidladi. «Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatlar eng yuqori darajada bo‘lib turibdi. Boyqo‘ng‘irdagi dasturni hamkorlikda amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, O‘zbekistonga neft quvurini o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Buning uchun tegishli ishlarni amalga oshirish zarur», - dedi Nursulton Nazarboyev.

Qozog‘iston prezidentining ta'kidlashicha, muzokaralar chog‘ida Yevroosiyo yo‘lagini rivojlantirish munosabati bilan Qozog‘istonning tranzit-transport salohiyatidan foydalanish masalasi ham muhokama etilgan.

Mavzuga oid