Mashhur jurnalning maxsus soni O‘zbekistonga bag‘ishlandi
Hindistonda Business Central Asia jurnalining O‘zbekistonga bag‘ishlangan maxsus soni nashrdan chiqdi.
«Jahon» AA saytida ushbu maxsus son haqida yozildi. Jurnaldan mustaqillik yillarida mamlakatning erishgan yutuqlari va bugungi rivojlanish jarayoni haqida hikoya qiluvchi axborot materiallari joy oldi.
Misol uchun, «Mustaqil mamlakatning buyuk bayrami» maqolasida O‘zbekistonning davlat va jamiyat qurilishidagi yutuqlari, birinchi prezident Islom Karimovning suveren mamlakat shakllanishi va o‘tish davri qiyinchiliklarini bartaraf etishdagi tarixiy roli ta'riflanadi.
O‘zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida hozirgi vaqtda, demokratik va sud-huquq islohotlarni chuqurlashtirish, iqtisodiyotni yanada liberallashtirish va modernizatsiya qilish, davlat boshqaruvi tizmini takomillashtirish, jamiyatni tubdan yangilash bo‘yicha islohotlarning yangi bosqichi boshlangani ta'kidlanadi.
Alohida materiallar O‘zbekistonni 2017-2021 yillarda yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturiga bag‘ishlangan. Nashr ularni amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil ma'lumot beradi.
Jurnalning maxsus soni, shuningdek, O‘zbekistonda valyuta va soliq rejimlarini isloh qilish bo‘yicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida bir qator maqolalarni o‘z ichiga oladi.
Business Central Asia mualliflari O‘zbekistondagi dinlararo muloqot, millatlararo tinchlik va ko‘p millatli mamlakatdagi totuvlik mavzusini e'tiborsiz qoldirmadi.
«Markaziy Osiyo - O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi» sarlavhali maqolada mamlakatning yangi rahbariyati mintaqa davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratayotgani ta'kidlanadi. Shu nuqtai nazardan, joriy yilning noyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyodagi xavfsizlik va barqaror rivojlanish masalalari bo‘yicha xalqaro konferensiya haqida xabar beriladi.
Bundan tashqari, nashrda «Sharq taronalari» XI Xalqaro musiqa festivali yakunlari, «Jahon sivilizatsiyasi tarixida Markaziy Osiyo Renessansi» anjumani haqida ham ma'lumot berildi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan qator maqolalar chop etilgan bo‘lib, ularda bu sohada yuz berayotgan o‘zgarishlar, mamlakatning turli mintaqalarida maxsus turistik zonalar yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tilgan.
Jurnalda shuningdek, O‘zbekiston-Hindiston hamkorligining asosiy jihatlari ochiqlangan. Masalan, «O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasidagi munosabatlarning chuqur ildizlari» sarlavhali materialda turli sohalarda ikki tomonlama munosabatlar tarixi, bugungi holati va istiqbollari haqida so‘zlab berilgan.
Mavzuga oid
16:43 / 17.11.2024
Hindiston birinchi gipertovushli raketasini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi
16:50 / 16.11.2024
Hindistonda havo ifloslanishi kuchayib ketganidan Toj Mahal ko‘rinmay qoldi
17:36 / 14.11.2024
Hindiston xalqaro aeroportida havoning ifloslanishi tufayli 200 dan ortiq reyslar kechiktirildi
19:27 / 13.11.2024