Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 13 oktabr kuni sanoat va ijtimoiy soha obektlari, aholini tabiiy gaz, elektr energiyasi bilan uzluksiz ta'minlash, bu boradagi qarzdorlikni bartaraf etish, ushbu yo‘nalishdagi amaliy chora-tadbirlarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Ushbu masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi rahbariyati va tegishli mutasaddilar hisoboti tinglandi, deb yozadi Prezident rasmiy sayti. 

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Respublika Bosh prokurori, «O‘zbekenergo», «O‘ztransgaz» kompaniyalari rahbarlari, mutasaddi idoralar vakillari ishtirok etdi. 

Asosiy e'tibor, avvalo, aholi, ishlab chiqarish obektlari, ijtimoiy muassasalarni tabiiy gaz, elektr energiyasi bilan uzluksiz ta'minlash, bu boradagi to‘lovlarning amalga oshirilishi, bugungi holat va muammolarga qaratildi. 

Ma'lumki, «O‘zbekenergo» va «O‘ztransgaz» kompaniyalari faoliyatidagi xato va kamchiliklar, to‘lov intizomini mustahkamlash, energiya resurslaridan noqonuniy foydalanishning oldini olish, debitor qarzdorlikni kamaytirish bilan bog‘liq muammolar tarmoq zimmasidagi vazifalarni izchil bajarish, qo‘yilgan maqsadlarga erishishga to‘sqinlik qilar edi. Shartnomaviy majburiyatlarni bajarmagan iste'molchilarga nisbatan ta'sirchan choralar ko‘rilmagani, hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish ishlari oqsagani qarzdorliklarning keskin ortishi, talon-tarojliklar va iste'mol qilingan energiya resurslari uchun to‘lovlardan bo‘yin tovlash holatlari ko‘payishiga olib kelayotgan edi. 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 29 maydagi «Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste'mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan sohadagi ishlar tubdan takomillashtirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida Majburiy ijro byurosi tashkil etildi. 

Byuroning asosiy vazifalari foydalanilgan energiya resurslari uchun qarzdorlikni keskin kamaytirish, elektr energiyasi va tabiiy gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanishlarning oldini olish, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining so‘zsiz ijrosini ta'minlashdan iborat. Farmon asosida Adliya vazirligi huzurida faoliyat yuritgan Sud departamentining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan vazifa va vakolatlari Byuroga o‘tkazildi. Endilikda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish Byuroning davlat ijrochilari tomonidan amalga oshirilmoqda.