O‘zbekiston kubogi finali 4 dekabr (!), dushanba (!!) kuni, soat 15:00 da (!!!) boshlanar ekan. Aslida, milliy futbolni targ‘ib qilishdan, jumladan, ushbu mavsumdagi eng ahamiyatli uchrashuvni imkon qadar ko‘proq odam tomosha qilishidan manfaatdor bo‘lgan tashkilot - PFL, o‘yinni shu vaqtga belgilabdi. Oppoq qor ostida, balki. Yoki ustida.  Til ojiz.

Albatta, bu chetdan qaraganda shunday, agar tashkilotchilar bilan bir stol atrofida o‘tirib, kelayotgan bir oy ichidan maqbulroq kunni topishga harakat qilsak, biz ham qiynalishimiz mumkin. Milliy chempionatda yana hali olti tur bor, afsuski, bizga aloqasi bo‘lmasa-da, FIFA kunlari... Maqsad muxlislarga futbol namoyish qilishmi yoki eson-omon bu safargi chempionatni ham yakunlab olishmi, javobini payqash qiyin emas.

Aslida, oddiy taqvimni tuzishda muammolar yaratadigan PFLdan Xudoning ishiga aralashib, ob-havoni yaxshilashni yoki qorni bir necha kunga kechiktirib turishni kutish noo‘rin, albatta. Noyabr yoki fevral oylari uchun stadionlarimizda boshqacha sharoit yaratish ham PFL ning imkoniyat doirasida emas. Lekin, har yilning bir paytida o‘xshash ob-havo sharoiti bo‘ladigan yurtimizda, futbol o‘yinlarini ertaroq sanalarda yakunlashning, hozirgidan maqbulroq sharoitlar uchun mosroq sanalarda taqvim tuzishning ilojini topsa bo‘ladi.

Yevropa bir mavsumga 50-60 o‘yinni sig‘dira oladi. Lekin e'tiroz qilmang, to‘xtang, ularning qishda ham futbol o‘ynay olishini men ham bilaman va misolni o‘zimizdan qidiraman.

Eslaysizmi, yo‘qmi, bilmadim, 1996 yilda 1-ligamizda 27 jamoa qatnashgandi. Jamoalar guruhlarga bo‘linmagan, oddiy liga taqvimida jamoalar bir-biri bilan ikki martadan to‘qnash kelishgan. Ya'ni, bir jamoa mavsum davomida 52 o‘yinda maydonga tushgan. Liga jamoalari kubok o‘yinlarida ham o‘ynaganliklarini e'tiborga olsak, taqvim bir mavsumda 55-56 o‘yinni o‘z ichiga olgandi. 16 jamoa 30 turni o‘tkazish uchun noyabrning oxirigacha sudrab borishga majbur emasdirmiz?

Albatta, birinchi liga taqvimi osonroq tuziladi: xalqaro maydonda to‘p suradigan klublar yo‘q, terma jamoalar yig‘inlari paytida ham tur o‘yinlarini o‘tkazsa bo‘ladi. To‘g‘ri. Lekin keling, oliy ligada ham zichroq taqvim tuzishning ilojisi borligini ko‘rib chiqamiz:

Martning ikkinchi yarmi bilan oktabrning oxirigacha bo‘lgan muddatni yurtimizda futbol o‘ynashga mos deb aytishimiz mumkin. Bu davr 33 haftani o‘z ichiga oladi. Har hafta bittadan tur o‘tkazsak ham, bemalol ulgursa bo‘lardi-yu, lekin o‘rtada davralar orasidagi tanaffus, terma jamoa yig‘inlari bor. Ularni ham e'tiborga olib, vaziyatga chuqurroq nazar solamiz.

Mart, iyun, sentabr va oktabrda terma jamoalar uchun ajratilgan FIFA kunlari bo‘lib o‘tadi. Har bir yig‘inni minimum 10 kun desak ham, 6 hafta terma jamoamiz uchun chiqib ketyapti. Ixtiyorimizda yana 27 hafta qoldi.