Prezident Xorazm viloyatida sug‘orish tarmoqlari bo‘yicha ishlar bilan tanishdi
Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyati Toshsoqa tizimidagi magistral sug‘orish kanallarini qayta tiklash loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Xorazm viloyati sug‘orma dehqonchiligi tarixi bundan to‘rt ming yil avvalgi davrga borib taqaladi.
Bugungi kunda viloyatda 276,7 ming gektar sug‘oriladigan maydon mavjud. Toshsoqa tizimi orqali Gurlan va Yangibozor tumanlaridan tashqari barcha tumanlardagi 191,3 ming gektar yer sug‘oriladi. Amudaryoda suv kam paytlarda, ayniqsa, erta bahor va yoz oylari boshida kanallarda suv sathi juda past bo‘lib, sho‘r yuvish, g‘alla, paxta va boshqa ekinlarni sug‘orish uchun suv asosan nasoslar yordamida olinardi. Bu xarajatlarning oshib ketishiga, suv isrofgarchiligi hamda yerlarning meliorativ holati yomonlashuviga olib kelar edi.
Prezident shu yil 27 yanvar kuni Xorazm viloyatiga tashrifi chog‘ida Toshsoqa magistral kanalida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishib, ushbu muammolarni bartaraf etish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda tannarxni kamaytirish, fermer va dehqon xo‘jaliklarining iqtisodiy ahvolini yaxshilashga qaratilgan loyihani hayotga tadbiq etish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.
Mazkur loyihaga ko‘ra viloyatdagi Toshsoqa, Shovot, Polvon G‘azovot va G‘azovot magistral va xo‘jaliklararo kanallarining 120 kilometri rekonstruksiya qilindi. Rejadagi 607 gidrotexnik inshootdan 318 tasi yangidan qurildi. Bu ishlar natijasida 279 dona nasos agregatlaridan voz kechilib, qishloq xo‘jalik ekinlari o‘zi oqar suv bilan ta'minlanadi va 31,6 million kilovatt soat elektr energiya iqtisod qilinadi.
Davlat rahbari qisqa fursatda bajarilgan bu ishlarga yuqori baho berdi. Kanal atrofidagi yerlarni obodonlashtirish, tuproq iqlim sharoitidan kelib chiqib ekiladigan ko‘chat turlarini tanlash va kanal bo‘ylab besh qator daraxt ekish, yozning jazirama issiq kunlari odamlarga kanal bo‘yida dam olish sharoitlarini yaratish bo‘yicha Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi hamda viloyat hokimligi mutasaddilariga tegishli topshiriqlar berdi.
Mavzuga oid
12:07 / 09.11.2024
Xorazmda mevaga kira boshlagan intensiv bog‘ buzib tashlandi
10:50 / 28.10.2024
Xorazmda ayrim loyihalar uchun Polsha texnologiya va investitsiyalari jalb qilinadi
16:26 / 16.10.2024
Xorazmda yana reyderlik. Sholikorlar hosilini tortib olish ommaviy tus olganmi?
18:40 / 18.09.2024