Jahon | 08:52 / 14.10.2017
6445
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp: AQSh istalgan vaqtda Eron bilan bitimdan chiqishga tayyor

Foto: Reuters

AQSh Eron bilan tuzilgan ko‘p tomonlama yadroviy bitimni Amerikaning hozirgi ma'muriyatini qonqtiradigan darajada o‘zgartirish imkoniga ega bo‘lmasa, ushbu kelishuvdan istalgan vaqtda chiqishga tayyor bo‘ladi. Mamlakat prezidenti Donald Tramp Eronga bosim o‘tkazishning yangi strategiyasini bayon qilar ekan, shunday bayonot berdi.

"Biroq agar biz Kongress va ittifoqchilar bilan ishlashda yakuniy to‘xtamga kela olmasak, kelishuv ijrosi to‘xtatiladi. U doimiy kuzatuvda", - degan Amerika yetakchisi. Shu bilan birga, Trampning ogohlantirishicha, u ijro hokimiyatining rahbari sifatida ushbu kelishuvdan xohlagan vaqtda chiqish qarorini qabul qila oladi. "Va bizning ishtirokimiz men tomondan prezident sifatida bekor qilinishi mumkin", - deb ta'kidlagan Tramp.

"Shimoliy Koreya misolida ko‘rdikki, biz bunday tahdidlarga qanchalik ko‘p bee'tibor bo‘lsak, u shunchalik jiddiy muammoga aylanadi", - deb qo‘shimcha qilgan Oq uy rahbari.

2015 yil iyulida BMT XKning 5 ta doimiy a'zosi: AQSh, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya Eron Islom respublikasi bilan Tehronning yadro tadqiqotlarini hal etishga qaratilgan keng qamrovli harakatlar rejasini kelishib olgan edi. Bu kelishuv BMT XK, AQSh va YeI tomonidan avvalroq kiritilgan sanksiyalarni bekor qilishni nazarda tutadi.

Buning uchun Tehron yadroviy sohadagi faoliyatini cheklaydi hamda uni xalqaro nazorat ostida olib boradi. Bitim 2016 yil yanvaridan kuchga kirdi. 

Mavzuga oid