O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bilan tanishish, istiqboldagi vazifalarni belgilash maqsadida 14 oktabr kuni Xorazm viloyatiga bordi. 

Xorazm qishloq xo‘jaligi, yirik sanoat korxonalari, transport va kommunikatsiya tizimlari, kichik biznes salohiyati bilan mamlakatimiz taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi. “GM Uzbekistan” aksiyadorlik jamiyatining Xorazm filiali, “UzXMG” ekskavator zavodi, “O‘zteks Shovot”, “Xorazm maishiy texnika” korxonalari, “Xorazm shakar” qo‘shma korxonasida ichki va tashqi bozorda xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Murakkab iqlim sharoitiga qaramay, viloyat dehqonlari qishloq xo‘jaligida mo‘l hosil yetishtirmoqda. 

O‘zA xabarida eslatilishicha, davlat rahbari 2017 yil 27-28 yanvar kunlari Xorazmga tashrifi chog‘ida viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, sanoat va qishloq xo‘jaligini tarkibiy o‘zgartirish, ijtimoiy obektlar barpo etish va infratuzilmani yaxshilash, aholi turmush darajasini oshirish bo‘yicha qator vazifalarni belgilab bergan edi. 

O‘tgan davrda hududda ko‘plab yangi korxonalar, kichik biznes sub'yektlari, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari tashkil etildi. Turizm, to‘qimachilik, baliqchilik, parrandachilik, irrigatsiya va boshqa sohalarda istiqbolli loyihalar amalga oshirildi. Uy-joylar, shifoxonalar, maktab va san'at dargohlari qurildi. Yana qator loyihalar bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. 

Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga tashrifini Urganch xalqaro aeroportida bajarilgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishishdan boshladi. 

Butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Xorazm viloyatida ham ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Bu shahar ostonasidanoq ko‘zga tashlanadi. Xususan, Urganch xalqaro aeroporti zamonaviy talablar asosida rekonstruksiya qilingan. Yo‘lovchilarni kutib olish va kuzatishga mo‘ljallangan zamonaviy terminallar, xizmat ko‘rsatish xonalari, savdo shoxobchalari tashkil etilgan, yon-atrof obodonlashtirilgan. Rasmiy delegatsiyalar, xorijiy mehmonlarni kutib olish uchun zarur sharoit yaratilmoqda. 

Prezidentimiz bu borada amalga oshirilgan ishlar va galdagi rejalar bilan tanishdi. Aeroport faoliyatini takomillashtirish, mehmonlar uchun qulayliklarni yanada oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.