07:40 / 15.10.2017
13234

Qirg‘izistonda prezidentlik saylovlari boshlandi  

© RIA Novosti / Aleksey Vitvitskiy

15 oktabr ertalabdan Qirg‘izistonda mamlakat prezidenti saylovlarida ovoz berish uchun saylov uchastkalari ochildi.  

Qirg‘iziston markaziy saylov komissiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 2375 ta saylov uchastkasi ochilgan. Ular mahalliy vaqt bilan soat 08.00dan kechki soat 20.00gacha ishlaydi. Xorijda bo‘lgan qirg‘izistonliklar esa mamlakatning diplomatik va konsullik vakolatxonalarida joylashgan 37 ta saylov uchastkasida ovoz bera oladilar. 

Ma'lum qilinishicha, mamlakatda hammasi bilan 3 mln 876 ming 985 kishi ovoz berish huquqiga ega. Fuqarolar istalgan saylov uchastkasida ovoz berishlari mumkin, buning uchun ular mutasaddi idoralarni avvaldan bu haqda xabardor qilib qo‘yishlari kerak bo‘ladi.

Prezident lavozimi uchun 11 nomzod kurash olib bormoqda. Dastlab nomzodlar soni 59 ta bo‘lgan, biroq keyinchalik ularning ko‘pchiligi saylovoldi poygasidan chiqib ketgan. Amaldagi prezident Almazbek Atamboyevning prezidentlik muddati 1 dekabrda poyoniga yetadi. Konstitutsiyaga ko‘ra u yangi muddatga saylana olmaydi. 

So‘rovnomalarga ko‘ra, saylovlarda g‘alaba qilishga mamlakatning sobiq bosh vaziri Sooronbay Jeenbekov va muxolifat yetakchilaridan biri Omurbek Babanov asosiy da'vogarlar hisoblanadilar.

Mamlakat tarixida birinchi marta saylovlar elektron axborot-saylov tizimi yordamida o‘tkazilmoqda. Tizim ma'lumotlarni avtomatik o‘qib oluvchi savatlar, maxsus himoyalangan ma'lumotlarni uzatish kanallari, dasturiy ta'minot, markaziy server va saytni o‘z ichiga olgan.

Bu tizimlar orqali ma'lumotlar saylov tugagandan keyin himoyalangan kanallar orqali markaziy saylov komissiyasi serveriga uzatiladi. 

Saylovchilar ro‘yxatlari aholining biometrik ma'lumotlari asosida tuzilgan. Saylovchilar identifikatsiyasi barmoq izlari bo‘yicha o‘tkaziladi. 

Saylovlarni kuzatib borish uchun 59 ta davlatdan 773 nafar xalqaro kuzatuvchi, jumladan O‘zbekiston, Ozarboyjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Moldova, Tojikiston, Turkmaniston kabi MDH davlatlaridan 200 ga yaqin kuzatuvchi jalb qilingan. Shuningdek, Qirg‘izistonning 10 ta jamoatchilik tashkiloti kuzatuv olib borish istagini bildirgan.    

Saylov byulleteni agar unda bittadan ko‘proq nomzod belgilangan yoki umuman hech qanday belgi qo‘yilmagan bo‘lsa, haqiqiy emas deb topiladi. Bunday byulletenlar saylov savatchasi yordamida saralanib, maxsus bo‘linmaga yig‘iladi. 

Konstitutsiyaga ko‘ra, har bir saylov uchastkasi taxminan 2,5 ming saylovchiga mo‘ljallangan. 

Mavzu
Qirg‘izistonda prezidentlik saylovi

15 oktabr kuni Qirg‘izistonda prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tmoqda. Saylovchilar 11 nafar nomzod orasidan mamlakatning kelgusi prezidentini tanlashlari kerak.

Barchasi
Mavzuga oid
Top