11:05 / 16.10.2017
16874

“Alining do‘ppisini Valiga...”

To‘rt yildan beri Chust tumanida joylashgan fermer xo‘jaliklaridan birining rahbari bo‘lib ishlayotgan Sarvar Nosirov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) negadir nafs jilovini qo‘yib yubordi. “Axir imkon borida foydalanib ham qolish kerak-ku! Mening ham bola-chaqam, qora qozonim bor. Buning ustiga, birov bilib o‘tiribdimi?! Chaqirmasam ham pul o‘z oyog‘i bilan kelib, “cho‘ntakka tushaman”, deb oyoq tirab turganda vaziyatni qo‘ldan chiqarsam, unchalik to‘g‘ri ish bo‘lmas. Yo‘q, yaxshisi otni qamchilab qolish kerak!”.

“Huquq” gazetasining yozishicha, shunday yengil-yelpi o‘ylar iskanjasida hovliqayotgan Sarvar javobini ilhaq kutgancha og‘zini poylab turgan Jobirga:

-  Xotirjam bo‘l, jiyaningning yer hujjatlarini rasmiylashtirib beraman, faqat xizmati uchun 100 “ko‘k”idan ataysan, - dedi.

Jobirning darhol rozilik bildirgani uchun yanada dadillanib, yengil tortdi va peshonasidagi terni ro‘molchasi bilan artib oldi.

-  Ishdan ko‘ngling xotirjam bo‘lsin, tegishli odamlar bilan maslahatlashdim. Xullas, sen va jiyaning so‘rayotgan 0,5 gektar maydonga 10 million so‘m to‘lasang bo‘ldi. U yog‘iga ishning o‘zi g‘ildirab ketaveradi.

Aslida voqea bunday bo‘lgan edi. 2 yil avval Jobir tanishi Sarvar Nosirovdan fermer xo‘jaligi tasarrufidagi maydon yonidagi yarim gektar keladigan bo‘sh, qarovsiz joyni dehqon xo‘jaligi tashkil qilish uchun jiyani Kamoliddin Davlatov nomiga qonuniy rasmiylashtirib berishda ko‘mak so‘ragan edi. Chunki Kamoliddin tabiatan mehnatkash, buning ustiga, bog‘dorchilik, dehqonchilik ishlarida suyagi qotgan yigit bo‘lib, egasiz yerni vaqtinchalik foydalanishga olgan, mashaqqat chekib qilgan mehnati evaziga chog‘roqqina bog‘ tashkil etgan edi. Jiyanining o‘sha yerda dehqon xo‘jaligi tashkil etish maqsadida xabardor bo‘lgan Jobir oraga tushishga qaror qilgandi.

Ish deyarli oson ko‘chdi. Sarvar “bir ishni qilaman”, dedimi, bajarmay qo‘ymaydi, lafzli bola.

Sarvar aytganidek, ish bu yog‘iga o‘z g‘ildirab yurib ketdi. Tuman yer resurslari bo‘limida ishlovchi Zohid Sarvarga bu ishni bitirishda yordam berishini aytib, hujjatlarni “tayyorlash”ni o‘z bo‘yniga oldi.

2015 yilning noyabrida avval Jobirning o‘zi Zohidga yer hujjatlarini rasmiylashtirish uchun 2 mln. 500 ming so‘m beradi. Oradan bir oy o‘tar-o‘tmas jiyani Kamoliddin yana 2 mln. 500 ming so‘mni uning qo‘liga qo‘shqo‘llab tutqazadi. Buning ustiga, Zohid pulni so‘mda emas, AQSh dollari ko‘rinishida olib kelishini talab qilib, so‘zining ishonchli chiqishi uchun yerning bo‘lajak egalari bo‘lmish Kamoliddin va uning ukasi Ravshanning fuqarolik pasportlari nusxalarini ham so‘rab oldi.

Nihoyat, 2016 yilning yanvarida Sarvar Nosirov Kamoliddinga qo‘ng‘iroq qilib, hujjatlarni bitganini ma'lum qildi.

-  Yer, kelishilganidek, 0,25 gektardan ikki kishi nomiga, ya'ni sen va ukang nomiga rasmiylashtirildi. Tuman hokimining qarori, bayonnoma va yer xaritasi – hammasi tayyor, olib ketishinglar mumkin. Aytgancha, pulning qolganini olib kelish esdan chiqmasin.

O‘sha kuni xushxabarga mushtoq bo‘lib yurgan Kamoliddin Sarvar aytgan 2 mln. 500 ming so‘mni darhol unga yetkazib, hujjatlarni qabul qilib oladi va ishni boshlash tadorigini ko‘ra boshlaydi. Ammo qing‘ir ishning qiyig‘i yuzaga chiqdi. Uncha-munchaning farqiga boradigan Kamoliddinning negadir bu hujjatlardan ko‘ngli to‘lmayotgandi. Shuning uchun shubhalardan xoli bo‘lishi uchun tuman yer resurslari va davlat kadastr xizmat bo‘limiga borib, ularni ko‘rsatganida, soxtalashtirilgan ushbu hujjatlar aslida tuman hokimining 2013 yildagi boshqa bir fuqaroga intensiv bog‘ yaratish bo‘yicha qarorining nusxasi bo‘lib chiqadi.

Ne qiyinchiliklar bilan zo‘rg‘a qo‘lga kiritilgan hujjatlar soxtaligidan xabar topgan Kamoliddinning fig‘oni falakka chiqdi. Sarvarni siquvga ola boshladi. Ish bunday tus olishini kutmagan, sarosimaga tushib qolgan Sarvar ham o‘z o‘rnida Kamoliddin va Zohid bilan “sen-men”ga boradi. Bu borada masala chigallashib, “g‘ildirab” ketgan ish allaqachon manzilga yetib borgandi.

Aslida yer uchastkalarini zaxiraga olish va realizatsiya qilish mas'uliyatli hamda ko‘p bosqichli jarayon hisoblanib, odatda, bunday masalalarda murojaat qilgan fuqarolarning arizasi tuman hokimligining yer resurslari hamda suv xo‘jaligi bo‘limi boshliqlari, fermerlar kengashi raisi, tabiatni muhofaza qilish tuman bo‘limi, qolaversa, hudud qishloq fuqarolar yig‘ini raislaridan iborat komissiya tomonidan batafsil o‘rganib chiqiladi. Shundan so‘ng komissiya a'zolari ko‘rsatilgan yer maydonini borib ko‘radilar va besh nusxada tegishli tashkilotlarga bayonnoma beriladi. Mazkur bayonnomaga tuman hokimi imzo qo‘yganidan so‘nggina yerga egalik borasida qaror chiqarilishi mumkin.

Kamoliddin Davlatovga berilgan hujjatlar noqonuniy bo‘lib, tuman hokimining 2013 yilda chiqarilgan qaroriga tegishli bayonnoma hujjati 2015 yilda tuzilgan edi.

Mansabini suiste'mol qilishga uringan, “Alining do‘ppisini Valiga kiydirib”, birovning nomiga rasmiylashtirilgan eski hujjatni kompyuter orqali soxtalashtirib, boshqa bir kishiga rasmiylashtirib, shu yo‘l bilan yirik miqdordagi pulni qo‘lga kiritmoqchi bo‘lgan Sarvar Nosirov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortildi.

Mavzuga oid
Top