23:40 / 16.10.2017
15600

Atamboyev xalqaro missiyalardan birining saylov bo‘yicha bergan bayonotidan norozi bo‘ldi

Foto:Sultana Dosaliyeva

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atamboyev mamlakat  prezidenti saylovlarini kuzatish uchun tashrif buyurgan xalqaro missiyalardan birining chiqishidan norozi bo‘ldi. 24kg shu haqida ma'lum qildi.

Atamboyevning so‘zlariga ko‘ra, saylov jarayonlarini kuzatgan YeXHT parlament assambleyasining vitse-prezidenti Azay Guliyev axborot agentliklaridan biriga bergan intervyusida Qirg‘izistonda OAVga nisbatan senzura borligini aytgan. Almazbek Atamboyev bunday bayonotni asossiz deb hisoblaydi. 

Davlat rahbari haqiqatga zid yoki qoralovchi material tarqatgan OAV sudga berilishini ta'kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha OAVga saylovlarni yoritish uchun teng huquq berilgan, mamlakatda senzura yo‘q. U missiya rahbarini o‘z kuzatuv yakunlarini obektiv va adolatli yoritishga chaqirdi. 

O‘z navbatida, Azay Guliyev saylov jarayonidagi ko‘plab ijobiy tomonlarni qayd etib, jurnalistlar uni noto‘g‘ri tushunib, so‘zlarini boshqacha talqin qilgan bo‘lishi mumkinligini ta'kidladi. 

Bunga javoban davlat rahbari jurnalistlardan chop etilgan ma'lumotga tuzatish kiritishni so‘radi.    

Top