Qirg‘izistonning yangi prezidenti Sooronboy Jeenbekov, uning oilasi va qarindoshlari haqida nimalar ma'lum?
Qirg‘izistonning yangi prezidenti etib Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasidan ilgari surilgan nomzod va Almazbek Atamboyevning vorisi Sooronboy Jeenbekov saylanishi aniqqa o‘xshayapti. Kaktus.media nashri Sooronboy Sharipovichning tarjimai holini yana bir bor esga olib, uning oila a'zolari kimligiyu, qarindoshlari nima ish qilishiga aniqlik kiritib ko‘rdi.
Sooronboy Jeenbekov tarjimai holi
Jeenbekov 58 yoshda, u O‘sh viloyatining Qorakulja tumanida tavallud topgan. 1976 yilda rus tili o‘qituvchisi sifatida mehnat faoliyatini boshlagan.
1996 yildan uning siyosiy karerasi boshlangan. U uch marta Qirg‘iz Respublikasi parlamenti deputati bo‘lgan va qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimida ishlagan. 2010 yildan so‘ng O‘sh viloyatiga rahbarlik qilgan.
Davlat kadrlar xizmatining birinchi o‘rinbosari, prezident apparati rahbari lavozimlarida ishlagan. 2016 yilning aprelidan hozirga qadar Qirg‘izistonning bosh vaziri edi. Shundan so‘ng u prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatildi.
Xotini va bolalari
Jeenbekovning xotinining ismi Oygul. U nima kasbni egallagani noma'lum. U uy bekasi. Jeenbekovlar oilasida ikki farzand bor: o‘g‘il va qiz.
Qizi Baxtigul Qirg‘iz-Rossiya slavyan universitetida o‘qiydi. O‘tgan yili turmushga chiqqan. Kuyovi deputat Aliyorbek Abjaliyevning o‘g‘li — Otabek.
Jeenbekovning yakkayu yolg‘iz nevarasi bor — Aliasqar. Sooronbay Jeenbekov o‘z oilasini doimo panada saqlaydi.
Qarindoshlari va singillari
Sooronboy Jeenbekov tug‘ilgan oilada 10 farzand bor edi. Katta akasi Xonto‘ra Toktomamatov (69 yoshda edi) yaqinda vafot etgan. U iqtisodiyot fanlari doktori, Jalolobod universiteti rektori edi.
Kichik ukasi Asilbek Jeenbekov (53 yoshda) V chaqirik parlementning spikeri edi, hozir QSDP fraksiyasidan deputat. 2016 yilda Sorronboy Jeenbekov bosh vazir bo‘lgach u parlament to‘rag‘asi (raisi) lavozimidan voz kechishga majbur bo‘lgan edi. U parlament binosida namozxona tashkil etib, o‘z ish joyida mashhur bo‘lgan edi. Garchi u oilada eng kichigi bo‘lsa-da, ta'sir doirasi eng kattasi hisoblanadi.
Yana bir ukasi — Jusupbek — Sharipov familiyasiga ega. U 62 yoshda va Qirg‘izistonning Kuvayt, Marokash, Iordaniya va Bahrayndagi favqulodda va muxtor elchisi. Kichik ukasi Iskandar Jeenbekov o‘lgan. Jirg‘albek Jeenbekov esa O‘sh viloyatida yashaydi.
Uning opa-singillari haqida hech narsa ma'lum emas.
Jeenbekovning nimalari bor?
Daromadlari deklaratsiyasiga ko‘ra Jeenbekov o‘tgan yili 870 ming qirg‘iz so‘mi ishlab topgan. U 160 kv.m uy va 60 kv.m dala hovliga, shuningdek, 48,04 ga qishloq xo‘jaligida foydalansa bo‘ladigan yer maydoniga ega. Uning 1700 tup olma daraxti, 2 mingta teragi, vagon-uychasi va MTZ-80 traktori bor. Lekin bu holatda sotilgan mulk daromadlarga qo‘shilgani yoki uni shunchaki berishgani noma'lumligicha qolmoqda.
Jeenbekovning qarindoshlari ko‘proq, 2,4 million so‘m ishlab topishgan. Ularning kvartirasi (64 kv.m) va 10 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari bor. Avvalgi yillardagi hisobotlarda 66,6 ga yaylov ham kiritilgan edi. Deklaratsiyani o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, bu yaylovlar mulk emas, 2015 yilda yaqin qarindoshlar tomonidan ijaraga olingan ekan. Endi ijaradan voz kechilgan chog‘i.
Jeenbekov qachon va nimasi bilan mashhur bo‘lgan?
Jeenbekovning eng shov-shuvli so‘zlari «Chiq eshikka» bo‘lgan. Bu gap 20 iyul kuni Chon-Oloy va Qadamjoy tumanlarida zilzila oqibatlarini tugatishga bag‘ishlangan yig‘ilishda yangragan. Jeenbekovning savoliga Davlat qurilish qo‘mitasi rahbari Almazbek Abdikarov javob bera olmay qolgan. Jeenbekov uni eshikdan chiqarib yuborgan.
«Chiq eshikka» iborasi internet-memga aylanib ketgan.
Mavzuga oid
16:43 / 27.12.2024
«Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temiryo‘li qurilishiga start berildi
10:43 / 27.12.2024
Qirg‘iziston ayrim Ko‘rfaz davlatlari fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qildi
18:02 / 23.12.2024
Sadir Japarov Farg‘ona viloyati hokimini «Dank» ordeni bilan mukofotladi
17:23 / 21.12.2024