Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 oktabrdagi «avtomobillarga gaz to‘ldirish stansiyalari tarmog‘ini rivojlantirish, avtotransport vositalarini siqilgan tabiiy gazga bosqichma-bosqich o‘tkazish, shuningdek, ular uchun mo‘ljallangan gaz ballon uskunalarining xavfsiz ekspluatatsiyasini ta'minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi №815-sonli qarori qabul qilindi, deb yozadi Norma.uz. Bundan kelib chiqadiki, xalq tili bilan aytganda «propan YoQSh»lar sekin-asta tugatilib, ular avtomobil gaz ballonlarini metan gaz bilan to‘ldiruvchi AGTKSlarga aylantiriladi.
Metanga ko‘proq o‘rin ajratilmoqda
2017–2019 yillarda 800.447 avtomobini siqilgan tabiiy gaz asosida ishlashga o‘tkazib, 178ta avtomobilga gaz to‘ldiruvchi kompressor stansiyalari (AGTKS) qurish rejalashtirilmoqda. Ma'lumki, stansiyalar aksariyat hollarda metan sotishadi.
Bu rejalarni amalga oshirish uchun AGTKSlar joylashgan hududlarda «bir darcha» prinsipiga ko‘ra avtotransportlarga gaz ballon uskunalarini xarid qilish va o‘rnatishni rag‘batlantirish uchun imtiyozli kreditlar ham ajratish taklif etilmoqda.
Mavjud suyultirilgan neft gazi (bosim ostida suyultirilgan asosan propan, izobutan va n-butandan iborat yengil uglevorodorodlar) sotuvchi avtomobillarga gaz qo‘yish shoxobchalari (AGQSh) bosqichma-bosqich AGTKSga aylantiriladi. 2017 yil 1 dekabrdan boshlab esa AGQShlar uchun yer ajratish tugatiladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston qishloq xo‘jalik texnikasini ham bosqichma-bosqich gazga o‘tkazadi. Buning uchun maxsus ishchi guruh tuziladi va 2018 yilning 1 martidan boshlab ko‘chma AGTKSlar yaratish ko‘zda tutilgan.
Gaz ballon uskunalari ham tekshiriladi
Qayd etish joizki, siqilgan tabiiy gaz va neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘ida ishlovchi avtotransport vositalarining umumiy texnik reglamentiga ko‘ra, O‘zbekistonda 2015 yildan buyon quyidagi tipdagi ballonlarni o‘rnatish taqiqlangan:
SPG-2 – metall korpusli, silindrsimon qismi (halqasimon qilib o‘ralgan) jgut ipi bilan kuchaytirilgan;
SPG-3 – metall korpusli, butun korpusi smolalangan jgut ipi bilan kuchaytirilgan (to‘liq o‘ralgan);
SPG-4 – smolalangan jgut ipi bilan nometall korpusli (to‘liq kompozit materialdan).
















