23:52 / 16.10.2017
12838

Jarimaga tortilgan Telegram: Durov sud qarori ustidan shikoyat qilmoqchi, Kreml esa uning «sinishi»dan umidvor

Foto: Reuters/Albert Gea

Moskvaning Meshchansk rayoni 383-sud uchastkasidagi yarashtiruv sudi Telegram Messenger LLP (London)ni Rossiya federal xavfsizlik xizmatining foydalanuvchilar xabarlarini kodini ochish uchun ma'lumot taqdim etish to‘grisidagi so‘rovini ijro etishdan bosh tortgani uchun 800 ming rubl jarimaga tortilgan haqida xabar bergan edik.

Messenjer asoschisi Pavel Durov «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘idagi o‘z devorida FXXning ushbu talabini «texnik tomondan amalga oshirib bo‘lmaydigan» va «Konstitutsiyaga zid» deb atadi. RF konstitutsiyasining 23-moddasida «Har bir inson yozishmalar, telefon qo‘ng‘iroqlari maxfiyligi, pochta, telegraf va boshqa yozishmalari sir tutilishi huquqiga ega», deb belgilab qo‘yilgan.

Pavel Durov Telegram’ni jarimaga tortish haqidagi Moskva sudining qarori ustidan shikoyat qilishini e'lon qildi. U shu ish bilan shug‘ullanishni istovchi yuristlarga murojaat qilgan va yaqin kunlar ichida ish uchun jamoa yig‘ishga va'da berdi.

Messenjer asoschisi shuningdek FXXning talabi — «fuqarolarning konstitutsion huquqi evaziga o‘z ta'sir doirasini kengaytirish», dedi va talab etilgan choralarni «texnik tomondan amalga oshirib bo‘lmaydigan», deb atadi.

TASSga ko‘ra, RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Telegram ma'lumotlarni FXX bilan bo‘lishishni rad etgani uchun sud tomonidan jarimaga tortilgach, Kremlda messenjerning ehtimolli bloklanishi xususida xavotir bor-yo‘qligi haqida jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, hozircha messenjerni bloklab qo‘yish haqida gap bormayotganini ta'kidlagan.

Gazeta.ru’ning RIA «Novosti»ga tayanib yozishicha, Rossiya prezidentining internet bo‘yicha maslahatchisi German Klimenko Telegram messenjeri alal-oqibatda huquq-tartibot organlari bilan hamkorlik qilishga majbur bo‘ladi, degan.

«Men yaqin istiqbolda ham, uzoq istiqbolda ham ma'lum bir mamlakat hududida ushbu hudud bilan hamkorlik qilmasdan ishlay oladigan birorta kompaniyani ko‘rmayapman», — degan u.

Klimenkoning so‘zlariga ko‘ra, barcha transmilliy korporatsiyalar hamkorlik qilishga majbur bo‘ladi, «hamma kodlarni bo‘lishadigan Skype yoki Microsoft kabi bo‘lishga mahkum».

Top