19:10 / 17.10.2017
11246

Noqonuniy dorifurushlar qo‘lga tushdi

Milliy xavfsizlik xizmati Farg‘ona va Andijon viloyati boshqarmalari hamda Bosh prokuratura huzuridagi SVOJJDLQK departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda noqonuniy dori-darmon sotish bilan shug‘ullangan bir guruh shaxslarning faoliyati fosh etildi.

Farg‘ona shahrida yashovchi X. M va Farg‘ona tumanida istiqomat qiluvchi singlisi M. D.lar “maxsus xaridor”ga “L-lizina estsinat” (50 dona) dori –darmonini 1 million 250 ming so‘mga sotayotganda daliliy ashyolar bilan qo‘lga olindi. X.M.ning xonadonida o‘tkazilgan tintuv chog‘ida 100 xildan ortiq 500 million so‘mlik soxta dori-darmonlar, 16 million so‘m, 370 AQSh dollari va 2 500 rubl topildi. Bundan tashqari Andijon va Farg‘ona viloyatidagi dorixonalar va mijozlar yozilgan 10 dona daftar ham ashyoviy dalil sifatida olindi.

Qidiruv va surishtiruv ishlari davomida bu noqonuniy dori-darmonlar savdosi bilan shug‘ullanishga, soxta dori-darmon ishlab chiqarishga yordam bergan shaxslar, ularning sotuvida hamkorlik qilgan dorixonalar ham aniqlandi.

Qo‘qon shahrida yashovchi fuqaro M.M.ning yashash xonadonidan juda ko‘p miqdorda “L-lizina estsinat”, “tiotsetam”, “medokalm”, “retabolil”, “titrozolin” va boshqa dori-darmonlar, yo‘riqnomalar, quti va ampulalar topildi. Shuningdek, mazkur shaharda yashovchi M.I.ning xonadonidan 75 dona “avtovegin” dori-darmon qo‘llash usuli, 36 dona turli xil dori-darmon qutisi va yelim aniqlandi.

O‘tkazilgan tadbir davomida Farg‘ona shahridagi “Malham”, “777”, “Oynur grant farm”, Qo‘qon shahridagi “Doktor Xaus”, Quva tumanidagi “Inter-farma” dorixonalaridan soxta va sertifikatsiz dori –darmonlar topildi. Jumladan, “Inter-farma” dorixonasidan Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan, sertifikatsiz 2 turdagi dori vositasi, “Doktor Xaus” dorixonasidan esa 720 dona “sinadeksin” va 100 ampula “alloxol” dori darmonlar daliliy ashyo sifatida olindi.

Ayni kunlarda mazkur jinoiy guruhning rahbari X.M. va uning turmush o‘rtog‘i, vrach-urolog A.I. qo‘lga olingan bo‘lib, tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda. 

Top