Ba'zida ayrim kishilar hayotini o‘rganish jarayonida kam vaqt ichida ko‘p narsaga ulgurganiga duch kelinadi. Bu esa kishini o‘yga toldiradi: buning siri nimada bo‘lishi mumkin? O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ularning aksariyati bajarishi kerak bo‘lgan ishlarning ro‘yxatini tuzib, unga og‘ishmay amal qilish barobarida o‘z bilimini oshirib borishga ham yaxshigina sarmoya sarflashgan.
Ehtimol siz ham hayotida sermahsullikka erishgan, bir-ikki soatda oddiy insonlar kunbo‘yi qiladigan ishlarni bajarib tashlaydigan kamida bir kishi bilan tanishdirsiz. Aynan u hayotdagi omadli insonlardan biridir, balki. E'tiboringizga havola etilayotgan maqolada bir nechta odatlarni mujassam etgan va o‘zlashtirgan holda siz ham shunday omadli insonga aylanish imkoni haqida so‘z yuritiladi. Albatta, ular sizga bir lahzada omma ko‘z o‘ngidagi kishiga aylanishni kafolatlamaydi, biroq qaysidir ma'noda olg‘a siljishga yordam beradi. Business Insider omadli insonlarning ko‘proq ulgurishiga doir 12 sababni keltiradi.
1. Ular ishlarni aniqlab belgilab olishadi

Aksariyat kishilarning kunlik ish ro‘yxati shunchaki eslatmalardan iborat. U yerda birinchi galda bajariladigan ishlar va vaqtinchalik chegaralar yo‘q. Ro‘yxatingizda tuzilma bo‘lishi kerak, aks holda ularning bari qog‘ozda qolib ketadi. Bunda eng yaxshi usul kartochkalarni olib, ularga aynan bugun bajarish shart bo‘lgan ishlardan beshtadan yozib chiqing. Bunda albatta, qog‘ozdan foydalanish shart emas, smartfoningizdagi ilova ham sizga qo‘l keladi. Ulgurdingizmi, ajoyib, ammo yodda tuting, 5 ta vazifa eng kam chegaradir.
2. Ular velosipedni qayta kashf qilish shart emasligini bilishadi

Ko‘pchilik ish va vaqtini boshqara oladigan umuman yangi va mukammal texnika ixtiro qilish orqaligina muvaffaqiyatga erishish mumkin, deb hisoblaydi. Ammo omadli insonlarning aksariyati mavjud usullarning birini tanlashadi — bunda ularga mobil ilovalar yoki boshqa dasturlar yordam berishi mumkin.
3. Ular katta maqsadlarni alohida vazifalarga bo‘lib chiqishadi
Omadli insonlar eng ulkan maqsadlariga olib boradigan ishlarni kichik guruhlarga bo‘lib chiqishadi. Shunda ularni uddalash oson bo‘ladi. Shu bilan birga, har bir qadam aniq bo‘lgach, umumiy jarayonni tushunish qulay bo‘ladi. Siz har kuni bir nechta kichik vazifalarni bajarar ekansiz, sizda uddalash hissiyoti paydo bo‘ladi.



















