O‘zbekiston Respublikasi prezidenti 2017 yil 16 oktabr kuni “Respublikamizda asalarichilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Hujjat asalarichilik tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish, tarmoqda naslchilik ishlarini ilmiy asosda tashkil etish, asalarichilik xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini oshirish, asal mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi va turlarini yanada ko‘paytirish, asalni qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, sohaning eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, asalarichilik sohasidagi ilg‘or tajribalarni respublikaning barcha hududlarida tatbiq etish maqsadida imzolandi.
Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda Aktsiyadorlik-tijorat “Aloqabank”ning “O‘zbekiston asalarichilari” uyushmasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.
Quyidagilar Uyushmaning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:
asalarichilik tarmog‘ini rivojlantirishga qaratilgan normativ-xuquqiy bazani ishlab chiqishda ishtirok etish;
asalarichilik tarmog‘ini rivojlantirish dasturlarini amalga oshirishni muvofiqlashtirish, yagona ilmiy-texnika, texnologik, investitsiya va eksport siyosatini amalga oshirishni muvofiqlashtirish;
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda asalarichilik xo‘jaliklarini o‘rmon fondi yerlariga, tog‘ va tog‘oldi hududlariga, tabiiy pichanzor va yaylovlarga hamda qishloq xo‘jaligi yerlariga joylashtirishni amalga oshirish;
asalarilar uchun sun'iy ozuqalar ishlab chiqarishni markazlashgan holda tashkil etishga ko‘maklashish va ushbu tajribani keng qo‘llash hisobiga asalarichilik xo‘jaliklarining ozuqa bazasini mustahkamlash;
asalari kasalliklarining oldini olish, davolash va tashxis qo‘yish bo‘yicha zamonaviy va ilg‘or usullarni joriy etish ishlariga ko‘maklashish;
oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi, shu jumladan, xorijiy muassasalarda asalarichilik tarmog‘iga kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlarini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirishda ishtirok etish.

















