22:27 / 17.10.2017
17191

«O‘rgimchak to‘ri»dagi yolg‘on yoxud fuqaroning asossiz e'tirozi

Foto: Wealth Magnate

Bugungi rivojlangan davr shiddati shu darajaga yetdiki, internetda «shov-shuv» bo‘lgan (to‘g‘rirog‘i bo‘ldirilgan) biror xabar asosli yoki asossizligidan qat'i nazar, muhokama mavzusiga aylanib ketmoqda. Ammo ushbu xabarni o‘qiyotgan yoki yuklangan videorolikni tomosha qilayotganlarning barchasi ham uning ortidagi asosiy maqsadni anglay olarmikan?! Albatta, yo‘q.

Hozirda har bir inson qo‘lida «jahon ko‘zgusi» bor: unga shundoqqina nigoh tashlash orqali dunyoning qaysi mamlakatida nima hodisa yuz berayotganligini ko‘rib, bilib olaveradi, yolg‘oni ham, rosti ham ichida. Internetga yuklangan bitta ma'lumotni butun dunyo ahli ko‘rish imkoniyatiga ega ekan, bu Yer sharining qaysidir nuqtasiga bormay turib, o‘sha hudud haqida xulosa qilish mumkin deganidir. Ayni shu jihat mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, har bir fuqaroga davlat, hukumat darajasida qaratilayotgan e'tiborni jahon hamjamiyati nigohiga teskari qilib ko‘rsatishni istaganlar uchun qo‘l kelmoqda.

2017 yil mamlakatimiz aholisi uchun unutilmas yil bo‘layapti. Negaki, yil boshidan buyon hozirgi kunga qadar davlat va jamiyatimizda yuz bergan tub burilishlar, iqtisodiy-ijtimoiy yuksalishlar, olamshumul bunyodkorlik ishlari, har bir sohaning rivoj topishi, hayot farovonligi nafaqat biz, balki dunyo hamjamiyati tomonidan ham yuksak baholanmoqda. Albatta, bularning barchasi yurtimizda inson sha'ni oliy qadriyat, uning munosib turmush tarzi esa davlat siyosati darajasidagi ezgu maqsad ekanligidan dalolatdir. Fuqarolar murojaati bo‘yicha qabul qilingan me'yoriy hujjatlarda Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ko‘plab ko‘rsatmalarning ijrosini ta'minlash, qolaversa, «Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak», degan xalqchil tamoyilni hayotimizga tadbiq qilish maqsadida amalga oshirilayotgan e'tirofli ishlar negizida ham ana shu ulug‘vor niyat mujassam, aslida.

Murojaatlarga munosabat tubdan o‘zgargani sabab xalqimiz davlat organlari va mansabdor shaxslar fuqarolar va jamiyat oldida mas'ul ekanligini, xalq manfaati ustuvorligini o‘z hayotlarida yaqqol his qila boshladi. Bu Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi farmonida murojaatlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga oid qo‘yilgan vazifaning amalda ta'minlanayotgani natijasidir.

Murojaat ortida inson manfaati mujassam bo‘ladi. Ma'lumotlarga ko‘ra, yilning o‘tgan muddatida Karmana tumani hokimligiga fuqarolar tomonidan 714 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ularning aksariyati ijobiy hal qilingan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016 yil 28 dekabrdagi «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni asosida tashkil etilgan Xalq qabulxonalari faoliyati ham aholi murojaatlarining tez yechim topishiga xizmat qilmoqda.

Bundan tashqari, Prezidentimizning 2017 yil 8 avgustdagi «Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta'minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori doirasida barcha tuman va shaharlarda hokimlik, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq xizmati hududiy organlari rahbarlari boshchilik qiladigan kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 4 sektor samarali faoliyat ko‘rsatmoqdaki, bu fuqarolar uchun yanada qulaylik yaratayapti.

Bugun fuqaro biror masala yuzasidan qayga bormasin, uning dardu tashvishi eshitilayapti, muammosi imkon qadar joyida hal qilib berilayapti. Ammo...

Ammo ko‘tarayotgan masalasi asossizligini o‘zi bilgan holda qancha ko‘p murojaat qilsam ishim hal bo‘lib ketadi, degan fikrga boruvchilar ham topiladi. Yoki yuqorida ta'kidlaganimizdek, internet tarmog‘ida yurtimizdagi ijobiy o‘zgarishlar qolib, noxolis axborotlar tarqatayotgan ayrim saytlarga yolg‘on ma'lumot taqdim qiluvchilar bu orqali omma e'tiborini o‘zlariga tortishni istashadi.

Masalan, yaqinda «Ozodlik» radiosining «Feysbuk» ijtimoiy saytidagi sahifasida e'lon qilingan karmanalik Qobil Nurillayevning murojaati ko‘rinishidagi videorolik ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Videorolikda «jabrlanuvchi» uy-joyi tortib olinayotganligini iddao qiladi. Aslida, holat qanday bo‘lgan edi?!

Karmana tumani hokimining 2012 yil 8 apreldagi 356-Q-sonli qaroriga ko‘ra Navoiy shahrining Navoiy ko‘chasini M-37 xalqaro milliy avtomagistral yo‘liga tutashtirish uchun loyihalash va qurish maqsadida «Arg‘un» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan 3,4 kilometr uzunlikdagi yer maydoni tanlangan.  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 9 apreldagi «2012 yilda umumiy foydalaniladigan avtomobil yo‘llarni va xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarini ta'mirlash dasturlari to‘g‘risida»gi 103-sonli qaroriga asosan yangi yo‘l qurilishi munosabati bilan tuman hokimining 2012 yil 12 iyuldagi 612-Q-sonli qarori bilan fuqaro Qobil Nurillayevning otasi Muhiddin Nurillayevga tegishli 637 kv.metr yer maydoni davlat va jamoat ehtiyojlari uchun zaxiraga olinadi.

Karmana tumani hokimining 2013 yil 27 iyuldagi 440-Q-sonli qaroriga asosan fuqaro Muhiddin Nurillayevga uy-joyi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun buzilishga tushganligi munosabati bilan «Yangiariq» qishloq fuqarolar yig‘ini hududidan yakka tartibda uy-joy qurish uchun 0,06 gektar yer maydoni ajratiladi hamda xolis baholovchi tomonidan 51.525.722 so‘m deb belgilangan kompensatsiya mablag‘i to‘lab beriladi.

Biroq shunday bo‘lishiga qaramasdan fuqaro Muxitdin Nurillayev uy-joyini ixtiyoriy ravishda buzib olmaydi. Natijada, Karmana tumani hokimligi tomonidan 2014 yilning aprel oyida uning uy-joyini majburiy tartibda buzdirish to‘g‘risida fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritilgan. Sudning 2014 yil 24 apreldagi 1-684/14-sonli hal qiluv qaroriga asosan esa ushbu da'vo arizasi to‘liq qanoatlantirilgan.

Keyinchalik Qobil Nurillayev davlat ehtiyoji uchun olib qo‘yilgan ushbu yer maydoniga o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda poydevor qurib oladi. Bu, albatta, noqonuniy qurilish edi. Uni majburiy tartibda buzdirish bo‘yicha Karmana tumani hokimligi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritiladi hamda fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudining 2016 yil 27 iyun kuni 2-2-16-sonli hal qiluv qaroriga asosan da'vo arizasi qanoatlantiriladi. Sud qarorida fuqaro Qobil Nurillayev tomonidan 100 kv.metrda noqonuniy ravishda qurilgan 51.8 metr uzunlikdagi poydevorni majburiy turtibda buzdirish belgilanganligini ko‘rish mumkin.

Fuqaro o‘z murojaati asossizligini, xatti-harakati noqonuniyligini bilgan holda «shov-shuv» ko‘tarib, o‘z maqsadiga yetishga intildi, «o‘rgimchak to‘ri»ni yana bitta yolg‘on bilan boyitdi.

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda har bir murojaat e'tiborda. Hattoki, tuman rahbarlari «Nima muammongiz, qanday masalangiz bor?» deya fuqaroning xonadonigacha kirib bormoqda. Shunday ekan, ko‘ksimizdagi vijdon atalmish g‘ururni saqlab qolaylik, jonajon O‘zbekistonimizni yomonotliq qilishga urinayotganlarning tegirmoniga bilib-bilmay suv quymaylik. Bizning bunday xatti-harakatimiz jahon maydonida Ona Vatanimiz sha'ni uchun dog‘ bo‘lishi mumkinligini toza yurak, teran aql bilan o‘ylab ko‘raylik.

Ruslan SABUROV.

Top