Jizzaxdan maktub: Maktab uchun svetofor va hojatxona kerak - xalq hasharga ham tayyor
Tahririyatimizga kuniga yuzlab xatlar keladi. Ularning aksariyatida bizning faoliyatimizga muvaffaqiyatlar bitilgan tilaklar bo‘lsa, ayrimlarida fuqarolar o‘zlarini qiynayotgan muammolarni bayon qilib, ularni hal qilishda yordam so‘rashadi. Ana shunday xatlardan biri Jizzax shahridan keldi:
«Assalomu alaykum! Hurmatli KUN.UZ jamoasi!
Sizlarning mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida olib borayotgan xayrli ishlaringizni qo‘llab-quvvatlayman va saytingizda yoritib borilayotgan yangiliklarni doimo kuzatib boraman.
Men o‘zim hech qachon biror masala yuzasidan hech kimga xat orqali murojaat qilmaganman (aynan ommaviy axborot vositalariga) va o‘zimning shaxsiy manfaatim uchun biror narsa so‘rash fikridan mutlaqo yiroqman va odamlar nazdida «yozuvchi» degan nom olishni yomon ko‘raman. Biroq, quyida bayon etilajak masala sizlarga ushbu xatni yozishimga sabab bo‘ldi.
Jizzax shahridagi «Ittifoq» mahallasi shaharning markaziy joylaridan. O‘zim shu mahallada yashayman, Farzandlarim shu mahalla joylashgan 7-sonli umumiy o‘rta ta'lim maktabida o‘qiydi. Maktabda hamma sharoitlar yaxshi, yangi jihozlangan. Lekin bir muammo uzoq yillardan buyon yechilmasdan kelyapti. Bu katta yo‘ldan bolalarning o‘tishi uchun svetofor va maktab hojatxonasi.
Albatta, bu arzimagan muammo bo‘lib ko‘rinishi mumkin, lekin farzandlarimizning teng yarmi qiz bola ekanini hisobga olsak, buni yozmaslikning iloji bo‘lmayapti.
Maktab hojatxonasiga deyarli kirib bo‘lmaydi, maktab shaharning markazida joylashgan bo‘lsa-da, hojatxona markaziy kanalizatsiya tizimiga ulanmagan (eski o‘ra usulida qurilgan), o‘ta ayanchi ahvolda. Shu muammoni hal qilishda sizlardan yordam bo‘lsa biz ota-onalar minnatdor bo‘lardik. Hashar yo‘li bilan qurilsa ham, mablag‘ yig‘ish kerak bo‘lsa ham, bunga tayyormiz.
Svetofor masalasini payshanba kunida o‘tkaziladigan «profilaktika kuni» munosabati bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyat IIB xodimlariga aytgan edik. Ular yozib olib ketishgan edi, lekin mana 10 oydirki shu masala yechimini topmayapti. Maktabga «Yoshlik» mahallasidan kamida 600–700 o‘quvchi har kuni shu yo‘ldan o‘tadi. Yo‘lda qatnov juda katta bo‘lib, hattoki katta yoshdagi odamlar ham zo‘rg‘a narigi tomonga o‘tib oladi. Hozirgi sharoitda bitagina svetofor qo‘yish katta xarajat talab qilmasa kerak!
Hurmatli Kun.uz jamoasi Jizzaxga kelib holatni o‘z ko‘zlaringiz bilan ko‘rib, shu muammolarni hal qilishda yordam bersalaringiz degan umidda Sizga murojaat qilyapman. Sizlarning aralashuvingiz sababli ko‘p muammolar hal bo‘layotganini ko‘rib Sizlarga yozish samaraliroq bo‘lsa kerak deb o‘yladim.
Hurmat bilan fuqaro E.Yaxshibayev».
Jizzax shahri, «Ittifoq» mahallasi.
Tahririyatdan: E.Yaxshiboyevning ushbu xatini mutasaddi rahbarlar o‘qishadi va zarur choralarni ko‘rishadi, deya umid qilamiz. Ijodiy guruhimiz Jizzax shahriga safarga borganida biz albatta ushbu mahallaga tashrif buyurib, vaziyat bilan tanishamiz.
Mavzuga oid
09:00 / 13.11.2024
1,1 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangan sex aniqlandi
09:25 / 06.11.2024
Jizzaxda qariyb 800 mln so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangan fuqaro aniqlandi
08:30 / 28.10.2024
Jizzaxda ikkita yuk mashinasi to‘qnashdi
22:09 / 14.10.2024