09:21 / 18.10.2017
21066

Atomni ijod etib… yoki insoniyatga nuqta qo‘yuvchi bu kashfiyotga endi qanday chora bor?

Atomni ijod etib
Dahshat balo bunyod etib
Oqibatni yod etib
Hayron o‘zing, hayron o‘zing...

Sevimli shoirimiz Erkin Vohidov «Inson» qasidasida shu satrlarni yozganida naqadar haq bo‘lganiga yillar o‘tib qayta-qayta amin bo‘lmoqdamiz. Qizig‘i shundaki, bu satrlar yozilganida atom bombalari asosan ikki davlat — AQSh va sobiq SSSR tasarrufida edi. Bu ikki qudratli kuch sovuq urush davrida bir-birlari bilan qanchalik yovlashmasin, bu qurolning dahshatli kuchini yaxshi anglab yetishar, Yer sharini bir necha marta parchalab tashlashga qodir termoyadro bombalari juda qattiq qo‘riqlanardi. 

Sovuq urush ham ortda qoldi. SSSR parchalanib ketdi, AQSh bu borada uzil-kesil yetakchilikka erishdi. Hozirgi kunda Rossiya bilan AQSh rahbarlari bunday qurollarni qisqartirishga astoydil harakat qilayotgan bir paytda bir necha davlat o‘z atom bombasini yaratib oldi. Eng dahshatlisi, atom klubining yangi a'zolari bo‘lgan bu davlatlarning ko‘pchiligi o‘zlarining yaqin qo‘shnilari bilan azaldan urushib keladilar va atom quroli ham avvalo o‘z qo‘shnilari tomon qaratilgan. Hindiston bilan Pokiston allaqachon bu qurollarini ko‘z-ko‘z qilishga tushishgan bo‘lsa, Eron bilan Isroil atom qurollari yo‘qligini ta'kidlagan holda bir-birlariga bu dahshatli qurol bilan hujum qilishga tayyorlar. Yanada yomoni atom qurolining aqidaparast johillarning qo‘liga tushib qolish xavfidir.

Insoniyat uchun o‘zi yaratgan kashfiyotlar orasida atom qurolichalik shafqatsizi yo‘qligi, jahon ahli Ikkinchi jahon urushi yakuniga yetganligidan quvonib turgan 1945 yildayoq ma'lum bo‘lgandi. AQSh tomonidan Yaponiyaning Nagasaki va Hirosima shaharlariga tashlangan bombalar hozirgi zamon ta'biri bilan aytganda o‘yinchoqdek bo‘lsada, juda jahshatli fojyealarni keltirib chiqardi. 

Aslini olganda hammasi ezgu niyatlarda boshlangan, atom energiyasi avvalo insoniyatning og‘irini yengil qilishi lozim edi. Qaysidir ma'noda shunday bo‘ldi ham, lekin uning qurol sifatida ishlatilishi barcha yaxshi jihatlarini osongina yo‘qqa chiqarib qo‘yishi mumkin. 

Atom energiyasi kashf qilinib, endigina o‘rganilayotgan yillarda, 1903 yildayoq fizik olim F.Soddi «Atom energiyasi biz biladigan molekulyar energiyaga nisbatan beqiyos kuchga ega ekanligi aniq. Bu faktning ma'lum bo‘lishi endilikda sayyoramizni dahshatli portlash imkoniga ega bo‘lgan kattakon o‘q-dori ombori sifatida ko‘rishimizga zamin yaratadi», — deya fikr bildirgandi. 

O‘sha davrlardayoq fizikaning bu yo‘nalishiga yetakchi davlatlarning eng kuchli olimlari jalb qilingan, maqsad aql bovar qilmas kuchga ega qurol yaratish edi. Turli yo‘llar bilan yetarli darajadagi xom-ashyoni qo‘lga kirita bilgan AQSh bu borada ancha ilgarilab ketdi. Maxsus tashkil etilgan Los-Alamos ilmiy markazida Robert Oppengeymer rahbarligida yadro quroli yaratishga zo‘r berildi. 1939 yilda Albert Eynshteyn prezidentga atom energiyasining imkoniyatlari batafsil tushuntirilgan maktub yozdi va uning takliflari inobatga olinib o‘sha yilda yadro energetikasi bo‘yicha hukumatning maxsus qo‘mitasi tuzildi. 

Bu harakatning boshlanishiga e'tiroz bildirganlar ko‘p bo‘ldi. Xususan, 1913 yilda bu sohadagi tadqiqotlari uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan olim Nils Bor butun dunyo afkor ommasini atom energetikasini harbiy maqsadlarda qo‘llashni taqiqlashga chorlab chiqishlar qildi. Lekin uning gaplarini hech kim inobatga olmadi — atom quroliga ega bo‘lish va dushmanlarni bu qurol bilan qo‘rqitish istagi juda kuchli edi. 

1941 yilning yozida Angliyada bu sohada ish olib borayotgan olim Jyeyms Chedvik tap tortmay: «Atom bombasining yaratilishi urushda hal qiluvchi ahamiyatga ega», — deydi. Bu fikrga qo‘shilganlar orasida fashistlar ham bor edi. Ular atom bombasi loyihasini Hitlerga taklif qilganlarida fyurerni bu g‘oya qiziqtirmadimi yoki uning katta kuch va vaqt talab qilishi qoniqtirmadimi, xullas Hitler atom bombasidan voz kechdi va an'anaviy qurollanishga bor kuchlarni safarbar qildi. 

Germaniyaning atom loyihasi to‘g‘risida ko‘plab taxminlar bor. Lekin ko‘pchilikning fikricha Hitlerda atom bombasi bo‘lmagan, yoki fashistlar bunday qurolni yaratishga ulgurishmagan. Bu loyihaning qabul qilinmaganligi yoki amalga oshmaganini bemalol insoniyatning, tarixning tub burilish nuqtasi, deb atash mumkin. Chunki fashizmning targ‘ib etgan tuzumning, bu tuzumning tepasida turgan telbaning bunday qurolga ega bo‘lishini o‘ylashning o‘zi dahshat. 

Fashizm katta qurbonlar evaziga tor-mor qilindi. Lekin insoniyat atom ishqidan voz kecholmadi. Ikkinchi jahon urushi yakunida yuqori doiradagi xalqaro uchrashuvlardan birida Sovet tuzumiga qarshi kurashni davlat miqyosidagi masala darajasiga ko‘targan AQShning 33-prezidenti Harri Trumen Stalinga o‘z davlati har qanday armiyani bir onda yo‘q qilib yuborish, urushlarning taqdirini bir zarba bilan burib yuborish qudratiga ega bo‘lgan qurol haqida pisanda qiladi. Tez orada bu gaplarning isboti sifatida Yaponiyaning ikki shahri atom quroli bilan bombardimon qilinadi va tagdor gaplarni o‘zicha tushungan Stalin darhol shoshilinch kengash chaqiradi hamda atom qurolini yaratish uchun barcha kuchlarni safarbar qilishni buyuradi.

Olimlar hisob-kitob qilishga kirishib ketishadi va shunday xulosaga kelishadi — atom qurolini yaratish sarf-xarajatlari davlatga Ikkinchi jahon urushidan ham og‘ir kelarkan. Lekin shunga qaramay «dohiy» o‘z fikridan qaytmaydi va maxsus qurilgan Chelyabinsk-2 shahrida bu qurolni yaratishga kirishib ketildi. Tez orada SSSR ham atom quroli bo‘yicha AQSh bilan bellasha boshladi. «Sovuq urush» nomini olgan bu qurollanish poygasi tuzumlarning asosiy kuchlari shu ishga safarbar qilinishiga sabab bo‘ldi. Bu holat olamshumul mablag‘ sarflanishi bilan birga insoniyatning eng buyuk global muammolaridan biriga aylandi. 

Hozirda mavjud atom qurollari shuncha qisqartirishlardan so‘ng ham aql bovar qilmas qirg‘inlar uyushtirish, odamzodni va barcha tiriklikni butkul yo‘q qilib yuborish qudratiga ega. Ayniqsa AQSh bilan muntazam ziddiyatga boruvchi Eron, KXDR kabi davlatlar ham atom dasturiga ega ekanligi tahdidni yanada oshiradi. Ezgulik yo‘lida odimlayotgan insoniyat o‘zining bu kashfiyotini cheklashi va undan butunlay voz kechishi lozim. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas!  

Abror Zohidov,
jurnalist

 

Top