17:29 / 18.10.2017
76650

Fuqarolar keskin norozi: Toshkent markazida yana bir qurilish mojarosi 

Foto: KUN.UZ

Xalqimiz azaldan mehnatsevar va bunyodkor. Issiq kunlar keldi, deguncha qurilish boshlaydi. Shundan bo‘lsa kerak qurilish sohasi ham jadal sur'atda rivojlanib bormoqda. Sohadagi yangliklar va rang-baranglik shahar-u qishloqlarda qad rostlayotgan betakror bino hamda inshootlarda namoyon bo‘lmoqda. Biroq gap hozir bu haqda emas. KUN.UZ tahririyatiga yuborilgan qurilishi ishlari bilan bog‘liq xat haqida. 

KUN.UZ saytiga murojaat qilgan Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Markaz-4, 12-uyda yashovchi aholi uy oldida boshlangan qurilishdan keskin norozi bo‘lmoqda. Tahririyat jurnalistlari vaziyatni o‘rganish uchun voqea joyiga bordilar. 

“Maqsad 12-uyning hududini obodonlashtirish, lekin shu orqali bu yerda uy qurib, 12-uyning hududini butunlay tortib olish. Shundan so‘ng bizning yurishimiz uchun kichkina yo‘lakcha qoladi, xolos. Qaysi MChJ qurayotganini ham bilmaymiz. Ulardan so‘rasak: “Bizga naqd pul berishadi, xo‘jayinni tanimaymiz”, deyishadi. Mahallaga, hokimiyatga, prokuraturaga murojaat qildik. 2017 yil 24 iyuldagi hujjat bor – reyderlik yo‘li bilan egallab olish haqida. Biz uni bartaraf etdik. Bu haqda akt tuzilgan. Panjarani o‘rnatishayotganda 20 kishi keldi hamda uni joylashtirishdi. Shundan so‘ng biz o‘z sektorimizga murojaat qildik, shahar hokimiyati xodimlari taklif etildi. Biz shunga hayron bo‘lmoqdamizki, qurilish normalari va qoidalariga umuman e'tibor berilmadi. Bizning uydan qurilishi mo‘ljallangan uyga qadar bo‘lgan masofa hech qaysi normaga to‘g‘ri kelmaydi. Bu yerdagi hamma qurilish mavze qurilayotgan paytda yaxshilab hisob-kitob qilingan. Ba'zi insonlarga nima sababdan shunday imkoniyat berilayotganini tushunmayapmiz. Bizdan hech kim so‘ragani ham yo‘q, buning ustiga noroziligimizni ham qabul qilishmayapti. Aslida hokimiyatdan 12-uy hududini obodonlashtiramiz, deb qaror olishgan. Endi esa yangi uy qurib, bizning hududimizni to‘liq tortib olishmoqchi. Yunusobod tumani hokimi esa hech narsaga imzo qo‘ymagani va qurilishga qarshi ekanini aytdi”, - deydi mahalliy aholi vakillari.

O‘z fikrini bildirayotgan fuqarolar quruvchilarning xatti-harakatiga baho berar ekan, mavjud muammo bo‘yicha tuman hokimligi, mahalla fuqarolar yig‘ini, uchastka nozirlarining parvoyi falakligidan jig‘ibiyron bo‘layotganliklarini izhor etishdi. Ayni paytda esa quruvchilar “ishimizga xalaqit qilmang, aks holda...”, degan mazmunda ulkan ekskavatorini odamlar tomon haydab, qo‘rqitib ko‘rishga urindi.

KUN.UZ qurilish obektida ishlayotgan quruvchilar bilan suhbatlashishga harakat qilib ko‘rdi. Ammo ular suhbatlashishni xohlamadi, hatto kameradan yashirinib, qochib ham qoldi. Bu xatti-harakatlar aksar odamda shubha uyg‘otdi. Xo‘sh, qurilish ishlariga kim ruxsat berdi? “Noqonuniy xatti-harakat bo‘lgani uchun qochmoqdamikan”, degan savollar avj ola boshladi.

Voqea yuzasidan tuman sektorlariga aloqaga chiqa boshladik. Aholi bilan uchrashishga Yunusobod tumani prokurori o‘rinbosari Umar Fayziyev keldi. Birozdan so‘ng esa 12-uy hududida faoliyat ko‘rsatuvchi uchastka noziri ham yetib keldi. Biroq savollarimizga uchastka noziri qoniqarli javob bera olmadi. 

“Bu yerda bo‘layotgan ishdan xabarim bor. Ikkita kadastr bo‘lmoqda. Qurilish qilayotgan firmaning nomini hozir eslay olmayapman. Bizga quruvchilarning tajovuzkor harakatlari bo‘yicha yozma murojaat hech kim qilmagan. Og‘zaki murojaat kelib tushgan, kelganmiz, gaplashganmiz. Hammasining hujjati bor. Qurilishning kadastrini ko‘rdim, firmaning nomini eslay olmayapman. Ular bilan bog‘lanish raqamlari menda yo‘q”, - deydi uchastka noziri.

“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”. Aholi muammosini tinglash nafaqat bugun, balki har doim ham oliyjanob ish. 12-uyda yashovchilarning fikri tinglandi. Qurilish ishlari esa to‘xtatildi. 

KUN.UZ vaziyatga oydinlik kiritish uchun qurilish ishlarini amalga oshirayotgan MChJ yoxud mas'ulni aniqlashga urinib ko‘rdi. Ma'lum bo‘lishicha, mazkur qurilish ishlari fuqaro I.Toshpo‘latovga tegishli bo‘lib, uning nomidan Abdulaziz Abidov ish olib bormoqda. KUN.UZ ushbu qurilish ishlariga mas'ul bo‘lgan Abdulaziz Abidovning ham fikrlarini tingladi.

“Men shu qurilish bo‘layotgan obektning egasi Ilhom Toshpo‘latovning ishonchnoma orqali vakili, barcha hujjatlarini yurituvchi xodimi hisoblanaman. Bu obekt haqida qisqacha ma'lumot berib o‘tadigan bo‘lsam, 2013 yil Toshkent shahar hokimining qarori bilan bu obektga yer maydoni 0,1 gektar bo‘lgan hudud tibbiyot markazi qurish maqsadida ajratib berilgan. 1 yil davomida tibbiyot markazi qurilishiga loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan va o‘rnatilgan tartibda barcha ekspert organlari hamda Toshkent shahar arxitektura va qurilish boshqarmasi tomonidan kerakli xulosalar olinib, davlat arxitektura-qurilish nazorati tomonidan qurilishga ruxsat olingan. So‘ng qurilishni boshlash uchun qurilish obektiga borilganida, yon-atrofda yashovchi aholining “Bu joyda qurilish qilish mumkin emas”, “Bu joyda qurilish qilinmaydi”, deb qattiq qarshilik qilib turib olishganidan so‘ng qurilishni boshlay olishmagan. 2016 yili qarorning muddati chiqib ketish jarayonida bu obekt qurilishini davom ettirish maqsadida Toshkent shahar hokimiyatiga qaytadan qarorni o‘zgartirish, ya'ni pastki qavatida tibbiy markaz va yuqori qavatlarida turar-joy binosini qurish uchun qaror bo‘yicha murojaat qilingan. Shahar hokimiyati 2017 yilda aprel oyida yangi qaror chiqargan. Qarorning mazmuni: pastki qavatlarda tibbiy markaz va yuqori qavatlarda turar-joy majmuasi qurish uchun, deb chiqartirilgan. 

Qisqa muddatda loyiha-smeta hujjatlari to‘liq ishlab chiqilib, Toshkent shahar davlat ekspertizasiga topshirilgan va Toshkent shahar arxitektura-qurilish boshqarmasiga ham taqdim etilgan. U joyda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi xodimlari, FVV, IIBB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi, Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi, Nogironlar jamiyati va arxitektorlar uyushmasi vakillari ishtirokida hujjatlar to‘liq o‘rganib chiqilib, ijobiy xulosa berilgan. Shu hujjatlarning barchasi taqdim etilib, Toshkent shahar arxitektura va qurilish nazorati boshqarmasidan qurilishni olib borish uchun ruxsatnoma olingan. Bu ruxsatnomaning sanasi – 2017 yil 19 iyul. Avgustda qurilishni boshlash maqsadida chegarani xavfsizlik hududi qilib o‘rab olish uchun quruvchilar bilan borganimizda aholi qattiq qarshilik qilib turib oldi va ustimizdan respublika prokuraturasiga asossiz bo‘lgan vaj-karsonlarni yozib, murojaat qilishgan. Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan barcha hujjatlar tekshirilib, qurilish uchun asosli bo‘lgan hujjatlar hammasi qonuniy, aholining vaj-karsonlari asossiz, deb topilgan. Shuningdek, hududdagi obodonlashtirish bo‘yicha barcha ishlar ham o‘zimizning bo‘ynimizda”, - deydi Abidov. 

Biz mazkur voqelikka xolis yondashish niyatida Yunusobod tumani bo‘yicha arxitektor Oybek Doniyevga qo‘ng‘iroq qildik. Ammo arxitektor shoshilgancha ishda ekanligini aytib, telefon raqamini band qilib qo‘ydi. Shundan so‘ng Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi mutasaddilari bilan bog‘lanishga harakat qildik. Ammo harakatlarimiz zoye ketdi.

Yana bir jihat. Ushbu qurilishni amalga oshirayotgan fuqaro I.Toshpo‘latov nomidan Abdulaziz Abidov nimagadir qurilishga tegishli xujjatlar nusxasini taqdim etdi, ammo ko‘rsatuvda ularni e'lon qilishimizni xohlamadi va bu haqda bizdan tilxat ham oldi. Endi esa vaziyatga xolis fikr. 

Yunusobod tumani 12-uy aholisi mazkur qurilish bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga qurilishga mas'ul va mutasaddilardan qoniqarli javob ololmayapti. Garchi ushbu qurilish haqida Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan qurilish ishlari qonuniy amalga oshirilayotgani ta'kidlangan bo‘lsada, 12-uy aholisini qiziqtirayotgan savollar, xususan, loyiha shaharsozlik normalari va qoidalariga to‘la javob berishi haqidagi savollari javobsiz qolmoqda. Bu haqda ularda har bir mutasaddi va mas'ul bilan bo‘lib o‘tgan suhbat hamda muloqotning rasmiylashtirilgan bayoni mavjud. 

Ikkinchi tomondan esa qurilish ishlarini amalga oshirayotgan mas'ullar loyiha pasporti, uning huquqiy hujjatlari haqida o‘z vaqtida aholiga axborot bermagan. 

Umid qilamizki, Yunusobod tumani, Markaz-4, 12-uy aholisini qiziqtirgan savollarga ushbu qurilish ishlarini amalga oshirayotgan mas'ullar, unga ruxsat bergan mutasaddilar to‘liq va qoniqarli javob beradi. Zero, “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari” davlatimiz siyosatining ustuvor maqsadlaridan biri.

Darvoqe, Yunusobod tumani Markaz-4, 12-uy hududi tuman Ichki ishlar sektoriga taalluqli.

Mavzuga oid
Top