10:40 / 19.10.2017
18473

“Chet elning achchiq xo‘rozqandi”

Farg‘onalik Halima Tursunova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) hamda buxorolik Muhayyo Rahmatova, Gulsanam Hamidovalarning bir dasturxonda osh-qatiq bo‘lishganining sababi yengil-yelpi yo‘l bilan pul topish edi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Gulsanam bilan tasodifan tanishib qolgan Muhayyo maqtanib, uning ko‘ngliga “qo‘l soldi”:

-  Birlashgan Arab Amirliklarining Sharja shahrida o‘zimning do‘konlarim bor. Boshida men ham qiynalganman, ikkilanganman. Rozi bo‘lsangiz, yordam beraman.

-  Koshki shunday qilsangiz. Duo qilardim. Onam betoblar. Pul kerak, - dedi Gulsanam yalinchoq ovozda.

-  Yo‘l xarajatlari, pasport viza masalalarida o‘zim yordam beraman. Keyin ishlab berasiz... – dedi bu borada ancha pishgan Muhayyo.

Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, hujjatlar tayyor bo‘ldi. Gulsanam Bishkek shahri orqali “begona”larning yordami bilan Sharja shahriga yetib keldi-yu, og‘zi lang ochildi. U yashagan qishloq qayoqda-yu, bu shahar qayoqda!

Mehmonxona zinalaridan ko‘tarilayotgan qishloq qizi Gulsanam oldinda uni ma'nan dahshatli va sharmandali kunlar kutayotganini xayoliga ham keltirmasdi. “Muhayyoning do‘konida ishlasam, bir-ikki yilda...”

Orzularining chegarasini belgilay olmayotgan edi u. Ammo bir kunlik mehmondorchilikdan so‘ng azobli kunlar boshlandi. Halima Tursunovaning qo‘liga topshirilgan Gulsanam buxorolik Nigina, Nazira ismli qizlarning gap-so‘zlaridan bildiki, endi u hayo libosini yechib, fohisha degan nomni olishga majbur.

Fuqarolik pasportini olib qo‘ygan hamyurtiga yuzlandi.

-  Opa, men bu ishni qilolmayman.

-  Nima deb o‘ylagan eding? Pul kerakmi? Uni topish uchun ana shunday mashaqqat chekishingga to‘g‘ri keladi.

-  O‘zbekistonga qaytmoqchiman.

-  Nima?! Hali qarzlaringni uzganing yo‘q. Bir-ikki oy ishlab tur. Keyin o‘ylab ko‘ramiz.

Muhayyo Rahmatova sheriklari bilan yangi yilni o‘tkazish uchun Buxoroga qaytganda, Gulsanam Halimaga yalinib-yolvordi. Chunki, vijdon azobi, o‘zidan kechsa-da, o‘zligidan kecha olmayotgan, aldanib qolgan qizlar yurtga qaytish istagida edilar. Ularni ushlab turgan Halima Tursunovaning urinishlari besamar ketdi. Jabrdiydalar yurtga qaytishdi. “Vosita”chi opalar odam savdosi bilan shug‘ullangani bois qonun oldida javob berishdi.

Sud Halima Tursunovani aybli, deb topdi va 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qildi.

Top