O‘zingiz uchun sport bilan shug‘ullanmasangiz ham, professional sportchi karerasi haqida orzu qilmasangiz ham, havaskor musobaqalarda qatnashib turing. Bu sizga boshqa yo‘l bilan topib bo‘lmaydigan qoniqish hissini beradi, deyiladi "Layfxaker"da.
To‘g‘ri, ba'zi odamlar bolaligidan musobaqalarda ishtirok etadi. Ularga buning nima uchun kerakligini tushuntirishga hojat yo‘q, bu ular uchun - sportdagi hayotining oddiy bir qismi. Quyidagi tavsiyalar esa "o‘zi uchun" sport bilan shug‘ullanuvchilar va musobaqalarda qatnashishni istamaydiganlar uchun.
1. Qo‘shimcha motivatsiyaga ega bo‘lasiz
Ba'zan mashg‘ulotlar zerikarli bo‘lib boradi, vaqti-vaqti bilan esa ular kayfiyatingizni tushirishi ham mumkin: masalan, biror narsaning uddasidan chiqa olmaganingizda. Musobaqalarga tayyorlanayotganingizda dangasalik yoki yomon kayfiyat chekinadi, zero siz oldindagi musobaqada munosib ishtirok etish uchun motivatsiya olasiz.
Oddiy mashg‘ulotlarda siz, anglab yo anglamay, bo‘sh tomonlaringizni qayta ishlashni chetlab o‘tishingiz mumkin, chunki uddasidan chiqa olmayotgan narsaga qayta to‘qnash kelish yoqimsiz.
Turnirga tayyorgarlik vaqtida esa hech qanday ikkilanishlarsiz o‘zingizning bo‘sh tomonlaringiz ustida ishlashga kirishasiz va tezkor natijalarga ega bo‘lasiz.
Men buni o‘zimda his qildim. So‘nggi ikki oyda men 20-25 kilogrammli shtangalar bilan shug‘ullandim. Musobaqalardan ikki kun oldin yana 10 kilogramm qo‘shdim va 35 kilogrammli shtangani ko‘tardim.
Musobaqalarda uyatga qolmaslik uchun mashg‘ulot sayin yanada shiddat bilan harakat qilardim. Qat'iy dedlaynsiz bu og‘irlikka qanday yetib kelish mumkinligini tasavvur ham qila olmayman.
2. Unutilmas hissiyotlarga ega bo‘lasiz
Musobaqa vaqtida siz maksimal darajada diqqatni jamlashga muvaffaq bo‘lasiz, imkoniyatlaringiz esa oshib boradi. Bularning bari adrenalin hisobiga ro‘y beradi.
PIT (The People, Ideas and Things) jurnalida chop etilgan ilmiy maqola bu gormonning qanday ishlashiga izoh beradi.
Adrenalin yurak ritmi va qon bosimini oshiradi, yurakning qon ishlab chiqarish xususiyatini yaxshilaydi. Qon tomirlari skelet mushaklari va bosh miyaga ko‘proq ozuqaviy moddalar yetkazib beradi, buning hisobiga esa diqqatni jamlash jarayoni yaxshilanadi.
















