13:00 / 19.10.2017
6084

Tehronda O‘zbekiston-Eron biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

2017 yilning 18 oktabr kuni Tehron shahrida O‘zbekiston-Eron ishbilarmon doiralari vakillarining biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi ishtirok etdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Forumda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Tashqi savdo vaziri Elyor G‘aniyev, «O‘zbekneftgaz» AJ raisi Alisher Sultonov va O‘zbekiston delegatsiyasining boshqa a'zolari so‘zga chiqdilar.

Eron hukumati nomidan so‘zga Eron sanoat, konlar va savdo vazirining o‘rinbosari Mojtaba Xosravtaj chiqdi.

Forumning ochilishida so‘zga chiqqan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekiston delegatsiyasining Tehron shahriga tashrifi sentabr oyida Ostona shahrida Islom hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Eron prezidenti Hasan Ruhoniyning uchrashuvida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida tashkil etilganini ta'kidladi.

Ta'kidlanganidek, suhbat chog‘ida ikki davlat rahbarlari o‘zaro manfaatli barcha sohalarda O‘zbekiston-Eron munosabatlarini faollashtirish va ularga yangi tus berish uchun siyosiy iroda namoyish etdilar. Shu bilan birga, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining bevosita aloqalarini o‘rnatish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda qo‘llab quvvatlash muhimligi alohida qayd etildi.

Vazir Forum ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan qabul qilingan 2017 2021-yillar uchun Harakatlar strategiyasi asosida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar va bozor islohotlari haqida ma'lumot berdi.

Makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va yuqori iqtisodiy o‘sish sur'atlarini saqlab qolish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish bo‘yicha institutsional va tarkibiy islohotlarni davom ettirish maqsadida iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish ushbu Strategiyaning ustuvor yo‘nalishlaridan biri.

Shuningdek, ushbu Strategiya xususiy mulk huquqini himoya qilishni yanada kuchaytirish va uning ustuvor rolini oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni rag‘batlantirish, investitsiya muhitini yaxshilash orqali iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilishni nazarda tutadi.

Shu bilan birga, mamlakat hukumati tadbirkorlar va ishbilarmonlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga alohida e'tibor qaratmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekiston barqaror rivojlanib borayotgan davlat bo‘lib, 2005 yildan 2015 yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmi o‘sish sur'ati 8 foizdan kam bo‘lmagan, 2016 yilda bu ko‘rsatkich 7,8 foizni tashkil etadi.

Navoiy, Jizzax va Angren shaharlarida uchta erkin iqtisodiy zona faoliyat ko‘rsatmoqda, ularda xorijiy sarmoyadorlar uchun soliq solish, bojxona yig‘imlari, yer va binolar bilan ta'minlash va boshqa qulay shart-sharoitlar yaratilgan. Yaqinda yana to‘rtta erkin iqtisodiy zona Hazorasp (Xorazm viloyati), Qo‘qon (Farg‘ona viloyati), Urgut (Samarqand viloyati) va G‘ijduvon (Buxoro viloyati)da tashkil etildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi a'zolari Eron ishbilarmonlarini mamlakatimiz bilan har ikki tomon uchun ham shubhasiz foydali bo‘ladigan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va rivojlantirish, loyihalarni birgalikda amalga oshirishga chaqirdi.

O‘zbekiston delegatsiyasining Eronga tashrifi doirasida va biznes-forum natijalari bo‘yicha bir qator o‘zaro manfaatli hujjatlar, xususan 7,5 mln. AQSh dollarilik ahdlashuv bayonnomasi, shuningdek, 25,5 mln. AQSh dollarilik qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha bitimlar imzolandi.

Top