Jamiyat | 18:00 / 19.10.2017
44539
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda kuzatilgan kuchli shamol tufayli bir kishi hayotdan ko‘z yumdi

2017 yilning 17 oktabr kuni Toshkent shahri va Buxoro viloyatida 9 dan 32 gacha m/s tezlikda shamol bo‘lganligi kuzatildi. Kuchli shamol oqibatida ayrim ma'muriy binolar va uylarning tom qismlariga zarar yetgan. Daraxt shoxlarining sinib tushishi sababli ba'zi fuqarolarning avtotransport vositalariga shikast yetgan, avtomobil yo‘llarida tirbandliklar yuzaga kelgan.

FVV matbuot xizmatining xabar berishicha, poytaxt Toshkent shahrining ayrim hududlarida elektr liniyalarining uzilishi tufayli elektr energiyasi ta'minotida vaqtinchalik uzilishlar sodir bo‘lgan.

Daraxt shoxining sinib tushishi oqibatida Toshkent shahrining Chilonzor tumanida istiqomat qilgan fuqaro G.I. turli darajada tan jarohati olgan va shifoxonaga yotqizilgan. Tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramay u shifoxonada vafot etgan.

Mahalliy boshqaruv organlari, avariya-qutqaruv xizmatlari tomonidan yuzaga kelgan vaziyat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rilgani qayd etildi.

Kuchli shamol oqibatida binolar konstruksiyasining shikastlanishi, fuqarolar tomonidan olingan jarohatlar to‘g‘risida ma'lumotlar aniqlangan taqdirda «1050», shuningdek, 245 24-66, 245 24-77 telefon raqamlari orqali xabar berish so‘ralgan.

Mavzuga oid