21:30 / 20.10.2017
8680

Xitoyda 6 nafar mansabdor shaxs davlat to‘ntarishiga urinishda ayblanmoqda

Foto: flickr.com/Philip Jägenstedt

Xitoyning qimmatbaho qog‘ozlarni nazorat qilish davlat komissiyasi boshlig‘i Lyu Shiyuy 6 nafar sobiq mansabdor shaxs Xitoy yetakchisi Si Tszinpinni lavozimidan chetlatishni rejalashtirishganini ma'lum qildi.  

Lyu nomlarini ma'lum qilgan amaldorlar Si Tszinpin tomondan boshlangan aksilkorruptsion kampaniya doirasida hibsga olinishgan.  

Lyu aytgan amaldorlar orasida Chuntsin sanoat markazi partiya tashkilotining sobiq rahbari Chuntsin Bo Silay va siyosiy byuroning sobiq a'zosi Sun Chjentsay bo‘lgan.

Ma'lum qilinishicha, ayblanuvchilar "juda ochko‘z va korrupsiyaga botgan bo‘lgan, ular partiya va butun davlat ustidan nazoratni qo‘lga olmoqchi bo‘lishgan". Lyu Shiyuy bu haqda Pekinda o‘tayotgan Xitoy kompartiyasining 19-qurultoyida aytib o‘tdi.

Lyu gumonlanuvchilar orasida 2015 yilda hibsga olingan va shu yili vafot etgan armiya generali Syuya Tsayxou, o‘tgan yili poraxo‘rlikda ayblanib umrbod qamoq jazosiga mahkum qilingan general-polkovnik Go Bosyunni aytib o‘tgan.

"Si Tszinpin bu muammolarni eplay olgan hamda partiya va mamlakatga xavf solayotgan xatarni bartaraf etgan", deb aytdi Lyu.

Si Tszinpin hokimiyat tepasiga kelgandan so‘ng boshlangan aksilkorruptsion kampaniya doirasida millionga yaqin amaldor shaxsga korrupsiya aybi qo‘yilgan.

Avvalroq Si Tszinpin partiya ichida ta'sir qilish uchun kurash olib borilayotganini tan olgan.

Ma'lum qilinishicha, Lyuning bu bayonoti kompartiya ichida nizolar borligini tasdiqlaydi.

Top