17:00 / 20.10.2017
11520

Qo‘qonda “Captiva”ni olib qochgan bosqinchilar qo‘lga olindi

Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasidan olingan ma'lumotga ko‘ra, Qo‘qon shahar IIB Navbatchilik qismiga “Sunbula” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan “Captiva” rusumli avtomashina olib qochilgani haqida xabar kelib tushadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV matbuot xizmati ma'lum qilgan.
 
Jabrlanuvchining ta'kidlashicha, u mashinasida uyiga kelganida, ikki nafar yuzini niqob bilan berkitgan noma'lum shaxslar uning oldiga kelishib, biri qo‘lidagi to‘pponchaga o‘xshash buyum bilan qo‘rqitib, mashinaga chiqib o‘tirishini aytadi. Shu payt jabrlanuvchining turmush o‘rtog‘i uyidan chiqib, shovqin ko‘tarib, oila a'zolarini yordamga chaqiradi. Noma'lum shaxslar esa avtomashinani olib qochadilar. Mashina salonida jabrlanuvchiga tegishli “Iphone-6” rusumli telefon apparati va 60 ming so‘mga yaqin pullari ham bo‘lgan. 

Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida, ushbu bosqinchilik jinoyatini Qo‘qon shahrida yashovchi 1994 yilda tug‘ilgan T.A. va 1996 yilda tug‘ilgan M.A.lar tomonidan sodir etganligi aniqlanib, ushlandi. Ulardan jinoyat sodir etishda foydalanilgan ashyoviy dalillar olindi. 

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top