18:15 / 20.10.2017
8596

TAPH gaz quvurining Afg‘onistondagi qurilishi 2018 yilga qoldirildi

Foto: theworldnews.net

Turkmaniston - Afg‘oniston - Pokiston - Hindiston gaz quvuri Afg‘onistonning Hirot viloyatida 2018 yilning yanvar oyiga qadar quriladi. Bu haqda Afg‘onistonning Tog‘-kon va neft sanoati vazirligiga tayanib Tolonews xabar bermoqda.

Telekanal ma'lumotlariga ko‘ra, TAPH gaz quvuri Afg‘oniston bilan chegaraga yetgach, quvur quriladigan maydonlarni baholash va tozalash ishlari boshlanadi. Ayni paytda qurilish Turkmaniston hududida amalga oshirilmoqda.

«Quvur Hirot chegarasiga yetganida, Afg‘oniston hukumati quyidagi muhim loyihalar ustida ishlarni boshlaydi: birinchi navbatda, yer usti va havo texnik s'yomkasi olib boriladi, hamda quvur yo‘li o‘tadigan yo‘nalish minalardan tozalanadi», - deya aytib o‘tdi vazirlik vakili Abdul Qodir Mufti.

Afg‘oniston Tog‘-kon va neft sanoati vazirligining ma'lum qilishicha, hozirgi vaqtda loyiha qamrab olinadigan tumanlarda aholiga tushuntirishlar berilmoqda.

Gaz quvurining umumiy uzunligi 1814 km.ni tashkil etadi, shu jumladan, Turkmanistonda 214 kilometr, Afg‘onistonda 774 kilometr, Pokistonda esa 826 kilometr (Hindiston bilan chegaraga qadar). Turkmanistonda qurilish 2015 yilning dekabr oyida boshlangan. Yillik quvvat - 33 milliard kubometrni tashkil etadi.

Top