«Liverpul» bilan durangdan so‘ng, Joze Mourino o‘zining komfort sharoitiga ega bo‘lib oldi. Qanday? Butun dunyo, balki uning yarmi portugaliyalik mutaxassis boshqaruvidagi himoyaviy uslubni qoralagan, bu ayniqsa, dahshatli darajada hujumkor o‘yin namoyish qilayotgan «Manchester Siti» fonida yanada xunuk o‘rinib qolgan, Mourino o‘zini oqlagan, qandaydir isbotlarni taqdim etgan, uyoqda Klopp, ha, bu yoqda Konte bilan qanaqadir gap otishlar...

Oraga go‘yoki murabbiyga «PSJ» yoqib qolgani, uning Manchesterda uzoq vaqt qolmoqchi emasligi haqidagi gaplar suqildi. Ha, ko‘p fikrlar kontekstdan yulib olingan, buni murabbiyning o‘zi ham aytdi, ammo gapirayotganda aynan qaysi so‘zlar yulib olinishini, qaysi fikrlar gazetalarning muqovasiga chiqib ketishini bilmaydimi Mourino? Biladi.

«Qiziq, mening jamoam yaxshi himoyalansa ham bu xuddiki jinoyatdek talqin qilinyapti» - dedi u «Benfika»ga qarshi mashhur 1:0 hisobidagi g‘alabadan keyin. Ha, Mourino urush holatida. Ayni muddao.   

Aksincha, avgust oylari Mourino uchun qandaydir noqulaylik tug‘dirgandi. Esingizda bo‘lsa, ha, balki esingizdan ham chiqqandir, «Manchester Yunayted» qatorasiga 4:0 hisobidagi g‘alabalarga erishdi, turnir jadvalida peshqadam bo‘lib oldi. Kela solib gol ura boshlagan Lukaku, markazning hokimiga aylangan Matich, zaxiradan tushib doimo gol uravergan Marsiyal yoki Reshford. Baxtli De Xea. «Manchester Yunayted» hammani o‘ziga qaratib, ortidan ergashtiradigan bir baxtli oilani eslatardi.

Bilasizmi, bunday holatda Mourino ishlay olmaydi. Bu sharoitda u o‘zini suvga tushgan baliqdek his qila olmaydi. U hamma uchun etalon bo‘lishdan emas, hammaga qarshi kurashdan zavq oladi, kayf qiladi. Yo‘q, bu faqat kayf uchun emas, jamoasini ruhlantirish, bor kuch bilan o‘ynashga chog‘lash uchun ham u mana shunday faktorlarga ehtiyoj sezadi.

Foto: Yahoo Sports

«Men Kloppning o‘yin oxirida hujumga zo‘r berish uchun, yarim himoyachilaridan birini almashtirishini kutdim. Uch yarim himoyachidan biri almashtirilganda, bizda qarshi hujum qilishda imkoniyat bo‘lardi va men Reshford, Lingard orqali, o‘yinda burilishi yasashni rejalashtirgandim. Ammo Klopp markazdagi uchlikka tegmadi, shuning uchun biz ikkinchi bo‘limda hujum qila olmadik», dedi Mourino «Enfild»dagi o‘yindan so‘ng. Ko‘rayapsizmi, Mourinoning hatto o‘yinga qo‘yadigan strategiyasi ham raqibning qarorlaridan kelib chiqadi.

Mana shu jihatdan olib qaraganda, «MYu»ning Pep Gvardiola jamoasi soyasida ekani, balki turnir jadvalida ham ta'qibchi maqomiga o‘tib olishi Mourinoning bundan keyingi ishini ancha yengillashtiradigandek. U endi yo‘lboshchi emas, ular endi baxtli oila emas, aniqrog‘i, boshqalar ularni baxtli deb bilishmayapti, demak nimanidir isbotlash kerak. Uning muvaffaqiyatli jamoalari aynan shu maqomda bo‘lishgan, e'tibor bersangiz.