00:03 / 21.10.2017
6884

Italiyaning eng boy ikkita viloyati huquqlari kengaytirilishi bo‘yicha referendum o‘tkazmoqchi

Foto:EPA

Italiyaning eng boy ikkita viloyati – Lombardiya va Venetoda 22 oktabrda o‘z huquqlarini kengaytirish bo‘yicha referendum o‘tkazilmoqchi. The Local nashrining xabar berishicha, referendumga "Siz viloyatingiz muxtoriyatning qo‘shimcha shakllarini olishini istaysizmi?" shaklidagi masala qo‘yilmoqchi.

Shu bilan birga ushbu muxtoriyatlardan birortasida Italiyadan ajralish masalasi ko‘rilmaydi. Referendum orqali mahalliy hokimiyat organlari vakolatlarining kengaytirilishi xususida fikr bildiriladi, xolos.

Lombardiya va Veneto viloyatlari Italiyaning eng boy viloyatlari hisoblanadi. Bu ikki viloyat Italiya yalpi ichki mahsulotining mos ravishda 20 va 10 foizini ishlab chiqaradi. Viloyatlardan har biri Rimga undan olayotgandan ko‘proq mablag‘ to‘laydi. Italiya shimolida joylashgan ushbu viloyatlar aholisi markaziy hukumat ular daromadlarining aksariyatini janubdagi viloyatlarga sarflashidan arz qiladilar.

Lombardiyada 10 mln, Venetoda esa 5 mln kishi yashaydi. Ikki viloyat aholisi ham muxtoriyatning kengaytirilishiga ovoz berishlari taxmin qilinmoqda. Ushbu referendumlar yuridik kuchga ega bo‘lmaydi. Italiya konstitutsiyasiga ko‘ra, istalgan viloyat bunday savolni referendumga olib chiqishga haqli.

Top