Jahon | 18:41 / 21.10.2017
4176
3 daqiqa o‘qiladi

Lotin imlosidagi qozoq alifbosining yakuniy varianti yil oxirigacha taqdim etiladi

Foto: Getty Images

Qozog‘istonlik olimlar qozoq tilini lotin imlosiga o‘tkazishning batafsil jihatlarini muhokama etishmoqda va ular alifboning yakuniy variantini shu yilning oxirigacha taqdim etishni rejalashtirishmoqda, - deb xabar beradi Kazakhtv telekanaliga asoslanib Turan Today.

«Ayni damda qozoq tiliga xos harflar tutuq belgisi bilan ifodalangan variant maqbulroq sanalmoqda. Qozoq tiliga ilk bor qo‘llanilgan bu universal belgini tilchi olim Ahmet Boytursunov ham o‘z vaqtida ishlatgan», — deyiladi syujyetda.

Mutaxassislarning fikricha, olimlar tomonidan ilgariroq taklif etilgan qo‘shharf — diagraflardan farqli o‘laroq, tutuq belgili harflar turlicha o‘qilishlarga sabab bo‘lmaydi va standart klaviaturaga juda mos.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda 2012 yilning oxirida davlat tilini lotin imlosiga qaytarish haqida qaror qabul qilingan edi. Lotin imlosiga asoslangan qozoqcha yagona standartni Nazarboyev 2017 yilning so‘ngiga qadar qabul qilishni buyurgan.

Ma'lumot o‘rnida: XX asr boshlarida turkiy xalqlarning aksariyati arab yozuvidan voz kechgach, aynan lotincha imlodan foydalana boshlashgan, jumladan, qozoqlar ham. Biroq, bir paytlar turkiy xalqlarni birlashtirgan umumiy lotincha imlo ham tezda Moskvani qoniqtirmay qo‘ygan va SSSR tarkibida bo‘lgan har bir turkiy xalq uchun kirillcha imlo asosida, bir-biridan maksimal farq qiluvchi o‘z alifbosi yasab berilgan.

SSSR tarqab ketgach, ba'zi turk davlatlari va xalqlari (O‘zbekiston, Ozarboyjon, Turkmaniston, qrimtatarlar va gagauzlar) rasman lotincha imloga qaytishdi, qolganlar esa kirillchada qolishdi. Masalan, suverenitetining ilk yillarida lotincha imloni tatar tilining rasmiy yozuvi qilishni e'lon qilgan Tatariston ham Moskvaning bosimi bilan kirillchadan voz kechmadi.

Bugungi kunda mustaqil turkiy davlatlar ichra faqat Qozog‘iston va Qirg‘iziston, shuningdek, qisman O‘zbekiston kirill yozuvidan foydalanmoqda.

Mavzuga oid