10:15 / 21.10.2017
46570

Paxta–2017: Soxta ma'lumot asosida va bir oila musibati ortidan shov-shuv yasovchilar kim?

Samarqand viloyati Kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi «Pravozashchitnyy Alyans Uzbekistana» tashkiloti matbuot markazining 17 oktabrdagi Samarqand viloyatidagi o‘qituvchi va tibbiyot xodimlarining majburiy mehnati haqidagi axborotida huquqbonlar Ye.Urlayeva hamda M.Eshonqulovaning bergan so‘nggi ma'lumotlariga raddiya e'lon qilishdi.

Tahririyatimizga yo‘llangan ma'lumotlarga ko‘ra, huquqbonlar o‘z chiqishlarida Samarqand viloyat hokimi Shuhrat Jamolovning paxtaga o‘qituvchilarni ommaviy jalb etish to‘g‘risidagi tahdidlari natijasida sog‘ligini yo‘qotib, Samarqand shahar markaziy shifoxonasida davolanayotgan, maktab direktorining o‘rinbosari Murod Madiyev bilan uchrashganlarida M.Madiyev ularga Samarqand viloyati hamda Samarqand shahar maktablarida, o‘qituvchilar majburiy ravishda paxta yig‘im-terimiga jalb qilinayotganligi, uning o‘zi esa maktabdagi o‘qituvchilarni paxta yig‘im-terimiga majburan jalb etilishiga qarshilik qilganligi natijasida sog‘ligini yo‘qotganligi to‘g‘risida ularga intervyu berganligi aytilgan.

Avvalo, bu noto‘g‘ri axborot mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi ta'kidlash lozim. Birinchidan, Shuhrat Jamolov — Samarqand viloyat hokimi emas, Samarqand tuman hokimi hisoblanadi. Samarqand tumanida paxta yetishtirilmaydi va tuman hokimining Samarqand viloyat va shahar o‘qituvchilariga farmoyish berishga vakolati yo‘q.

Ikkinchidan, Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi markaziy shifoxonasi ma'lumotiga ko‘ra esa joriy yilning oktabr oyida Murod Madiyev ism-familiyali shaxs shifoxonada davolanmaganligi, bunday shaxs to‘g‘risidagi ma'lumot shifoxonaning murojaat daftarida ham, yotqizish daftarida ham qayd etilmaganligi ma'lum bo‘ldi. Shuningdek, umuman, bunday ism-familiyali maktab direktori o‘rinbosarini ham topishning imkoni bo‘lmadi.

Alyansning yana bir axborotida 16 sentabr kuni hokim Shuhrat Jamolovning paxta yig‘im-terimi bilan bog‘liq bo‘lgan selektor yig‘ilishlaridagi tahdidlari oqibatida tuman tibbiyot birlashmasining vrach-terapevti, muassasa kasaba uyushma qo‘mitasining raisi Paxriddin Saidov bevaqt hayotdan ko‘z yumganligi, P.Saidovning turmush o‘rtog‘i Alyans xodimlariga intervyu bergani, marhumning ikki farzandi bilan tushgan suratini rasmga olishga ruxsat berganligi ko‘rsatilgan.

Samarqand tumani tibbiyot birlashmasi ma'lumotiga ko‘ra, birlashmada kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi vazifasida ishlagan, marhum Paxriddin Qiyomovich Saidov uzoq yillar tuman tez tibbiy yordam xizmati vrachi, QVPlar bo‘yicha koordinator vazifasida ishlab, jamoa orasida hurmatga sazovor bo‘lgan. O‘zining shirin so‘zligi, boshqalarga nisbatan mehribonligi sababli jamoa u kishiga yuksak ishonch bildirib, kasaba uyushma qo‘mitasi raisligiga saylagan. P.Q.Saidov selektor yig‘ilishida, yillar davomida kasaba uyushma qo‘mitasi raisi vazifasida ishlab kelib, xodimlarni paxta yig‘im-terimiga jalb qilmagan. Unga tuman tibbiyot birlashmasi ma'muriyati tomonidan xodimlarni ommaviy paxta yig‘im terimiga jalb qilish vakolati berilmaganligi ma'lum qilingan. 

Marhum P.Saidovning turmush o‘rtog‘i D.Yakubovaning sog‘liqni saqlash xodimlari ksaba uyushmalari respublika Kengashining viloyat bo‘yicha mas'ul tashkilotchisi Olim Jumaniyozovga ma'lum qilishicha, joriy yilning 15 oktabr kuni turmush o‘rtog‘ining marakasi o‘tkazilayotgan vaqtda ikkita begona ayol uyga kirib kelgan va o‘zlarini «gazetadan», deb tanishtirishgan. D.Yakubova ularni uyga taklif qilgan. Tilovat yakunlangach, ular P.Saidov nima sababdan bevaqt hayotdan ko‘z yumganligini, ish joyida biror ko‘ngilsizlik bo‘lgan-bo‘lmaganligini surishtirishgan. D.Yakubova ularga, turmush o‘rtog‘ining bevaqt hayotdan ko‘z yumganligini, marhumning uyda hech qachon o‘z kasbi haqida gapirmaganligini aytgan. Shundan so‘ng ular intervyu berishni so‘rashgan ,ammo D.Yakubova taklifni qat'iy rad etgan. Turmush o‘rtog‘ining farzandlari bilan tushgan rasmini begona ikki ayol tomonidan qay tarzda va qachon suratga tushirib olinganligiga D.Yakubova ham hayron.

Noto‘g‘ri, soxta va yolg‘on ma'lumotlar bilan insonlarni chalg‘itish, bir oilaning boshiga tushgan musbatdan shov-shuv yasash insoniylikka to‘g‘ri keladimi?
 

Top