O‘zbekiston | 23:23 / 21.10.2017
21543
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Ispaniyaning viza markazi ochildi

2017 yil 20 oktabrda Toshkentda Ispaniyaning viza markazi ochilishi rasmiy marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu markaz O‘zbekiston fuqarolariga viza xizmatlarini ko‘rsatadi.

Marosimda Ispaniya Qirolligining Rossiyadagi bosh konsuli Itsiar Akerreta Taboada, BLS International Services Ltd kompaniyasining Rossiya va MDH davlatlari bo‘yicha rahbari Sanjiban Chatterjye, Ispaniyaning O‘zbekistondagi faxriy konsuli Alfonso Lopez Pandiella hamda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari ishtirok etishdi.

BLS International Services Tashkent viza markazi Ispaniyaga Shengen vizasi olish uchun viza ko‘magi (maslahat berish, hujjatlar yig‘ish, hujjatlarni ko‘rib chiqib, Ispaniyaning Moskvadagi bosh konsulligiga jo‘natish) taqdim qiladi.

Ushbu viza markaziga asos solgan BLS International Services Ltd. kompaniyasi vizalar, pasportlar olish xizmatlari taqdim qiluvchi, maslahat xizmatlari ko‘rsatuvchi yirik kompaniya hisoblanadi.

Kompaniya dunyoning 54 tadan ko‘proq davlatida operatsiyalar amalga oshiradi va butun dunyo bo‘ylab 2325 ta ofisi orqali xizmat ko‘rsatadi. Kompaniyaning viza markazlarida har yili 14,3 mln dan ko‘proq viza arizalari ko‘rib chiqiladi.

Toshkentda ochilgan viza markazi ayni damda sinov rejimida ishlamoqda va qisqa muddat uchun viza olish bo‘yicha 150 ta murojaat oldi.

Bu markazning ochilishidan nafaqat fuqarolar, balki ispan vizalarini olish uchun Moskvaga borishga yoki boshqa elchixonalarga arizalar jo‘natishiga to‘g‘ri kelgan turagentliklar ham foyda ko‘radi.

Bu markaz O‘rta Osiyodagi ilk shunday markaz bo‘lib, sayyohlik sohasida Ispaniya va O‘zbekiston o‘rtasida ikki tomonlama munosabatlar rivojiga hissa qo‘shadi. BLS International Services Tashkent istiqbolda O‘rta Osiyoning barcha davlatlarida o‘z viza xizmatlarini taqdim qilishni rejalashtirmoqda. 

Mavzuga oid