10:19 / 22.10.2017
27061

"Titanik" yo‘lovchisining maktubi rekord qiymatga sotildi

Foto: Public Domain

Okean tubiga g‘arq bo‘lgan mash'um "Titanik" kemasi yo‘lovchisining kemadan yo‘llamoqchi bo‘lgan maktubi rekord qiymat – 126 ming funt sterlingga sotildi. Bu haqda Henry Aldridge & Son auksion uyi vakili ma'lum qildi. 

Maktub amerikalik tadbirkor Oskar Xolverson tomonidan 1912 yil 13 aprel, ya'ni kema cho‘kishidan bir kun avval yozilgan. Bu maktub kemaning Atlantika okeaniga g‘arq bo‘lishida hozircha bus-butun topilgan yagona maktubdir. 

Kemada rafiqasi bilan sayohat qilgan Xolverson bu maktubni onasiga yo‘llamoqchi bo‘lgan. U maktubda kemadan olgan taassurotlari bilan bo‘lishgan va taniqli badavlat odam Jon Jyeykob Astorni uchratgani haqida yozgan. Oqibatda Xolverson ham, Astor ham fojia vaqtida tirik qolishmagan. Xolversonning rafiqasi esa o‘sha mash'um falokat vaqtida omon qolgan.

Keyinroq Xolversonning jasadi topilib, suv yuzasiga olib chiqilgan. U yo‘llamoqchi bo‘lgan maktub uning ko‘krak cho‘ntagidagi yon daftarchasida bo‘lgan. 

Britaniyaning Devayzes shahrida joylashgan Henry Aldridge & Son auksion uyi "Titanik" bilan bog‘liq buyumlarni sotish bilan shug‘ullanadi.

Mavzuga oid
Top